20-modda. Muqobil xizmatni oʻtovchi fuqarolar uchun ijtimoiy kafolatlar va imtiyozlar
Oʻzbekiston Respublikasida muqobil xizmat toʻgʻrisida (54-son) · Sana: 07.02.1992 · Amalda
Muqobil xizmatga chaqiriladigan fuqarolar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladiganlar uchun belgilangan tartibda hisobga olish va chaqirish bilan bogʻliq majburiyatlarni bajarish uchun zarur boʻlgan vaqtda ishdan ozod etiladilar.
Xizmatga chaqirish komissiyalari tomonidan dispanser, ambulatoriya yoki stansionar tekshiruviga yuboriladigan fuqarolarga tibbiyot muassasalarida boʻlgan vaqtda ish joyi, egallagan lavozimi va oʻrtacha ish haqi saqlab qolinadi.
Muqobil xizmatni oʻtovchi fuqaro:
har yili 12 ish kuniga teng muddatga taʼtilga chiqish huquqiga ega.
Muqobil xizmat muddati umumiy va maxsus mehnat stajiga qoʻshiladi.
Muqobil xizmat otryadida xizmatni oʻtovchi fuqaro belgilangan nusxadagi maxsus va formali kiyim bilan, oziq-ovqat, uy-joy bilan taʼminlanadi hamda, taksidan tashqari, shahar jamoat transportining hamma turlarida bepul yurish huquqiga egadir.
Muqobil xizmat otryadida muqobil xizmatni benuqson oʻtagan fuqaro muqobil xizmat otryadining qoʻmondonligi yoʻllanmasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining oliy oʻquv yurtlariga tanlovsiz qabul qilinadi.
Muqobil xizmat burchlarini bajarish vaqtida mehnat qobiliyatini yoʻqotgan fuqarolarga va halok boʻlganlarning oilalariga muddatli harbiy xizmat harbiy xizmatchilari uchun belgilangan hajmlarda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi huzuridagi Muqobil xizmat boshqarmasining mablagʻlari hisobidan bir yoʻla beriladigan kompensatsiya va nafaqalar toʻlanadi.
Muqobil xizmat xizmatchisi muqobil ishlab chiqarishda ishlab chiqarish avariyasi oqibatida halok boʻlgan yoki shikastlangan, mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi qoidalarining bajarilishi taʼminlanmagan hollarda Muqobil xizmat boshqarmasi amaldagi qonunchilikka muvofiq kompensatsiyalar va nafaqalar toʻlash bilan bogʻliq boʻlgan zararni toʻlatish uchun korxonaga regress daʼvo qilish huquqiga egadir.
Muqobil xizmat burchlarini bajarish vaqtida mehnat qobiliyatini yoʻqotgan fuqarolar va halok boʻlganlarning oilalari, shuningdek, ularning qaramogʻida boʻlgan shaxslar muddatli harbiy xizmatchilar uchun belgilangan tartibda va hajmlarda pensiya bilan tayinlanadilar.
