14-modda. Nohiya chaqiriq komissiyasining huquq doirasi
Oʻzbekiston Respublikasida muqobil xizmat toʻgʻrisida (54-son) · Sana: 07.02.1992 · Amalda
Nohiya chaqiriq komissiyasi fuqarolarning arizasini koʻrib chiqadi va muqobil xizmatning tanlanish sabablari asoslanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni oʻrganadi.
Fuqaro va uning qonuniy vakillari uning arizasini koʻrib chiquvchi chaqiriq komissiyasi majlisida qatnashish huquqiga egadir.
Nohiya chaqiriq komissiyasi ariza va tibbiyot xulosasi natijalariga muvofiq quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
fuqaroni muqobil xizmatga chaqirish haqida;
fuqaroning salomatligi tufayli muqobil xizmatni oʻtashga yaroqsizligi haqida;
fuqaroning muqobil xizmatga chaqirish haqidagi arizasi rad etilganligi toʻgʻrisida.
Nohiya chaqiriq komissiyasining qarori Fuqaroning arizasi roʻyxatga olingan kundan boshlab kamida oʻn kun muddat ichida chiqariladi. U doimiy tibbiyot tekshiruvida boʻlgan vaqt bunga kirmaydi.
Nohiya chaqiriq komissiyasi qabul qilingan qaror haqida ariza bergan fuqaroni va Mudofaa ishlari boʻyicha tegishli boʻlimni uch kun muddat ichida xabardor qiladi.
Muqobil xizmatga chaqirish haqidagi qaror fuqaro belgilangan namunadagi kontrakt-majburiyatni imzolagan taqdirdagina qabul qilinadi.
Fuqaro kontrakt-majburiyatni bajarishdan voz kechgan taqdirda muqobil xizmatga chaqirish haqidagi ariza bekor qilinadi.
