Telekommunikatsiyalar va pochta aloqasi sohasidagi boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (458-son)
22.11.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”, “Pochta aloqasi toʻgʻrisida” va “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq, shuningdek telekommunikatsiyalar va pochta aloqasi sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, ushbu sohaga xorijiy investorlarni jalb etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi aloqa va axborotlashtirish sohasida davlat boshqaruvi boʻyicha maxsus vakolatli organ etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga, maxsus vakolatli organ sifatida, yuridik shaxslarning telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatini litsenziyalashni amalga oshirish huquqi berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Isayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 22-noyabr,
458-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-noyabrdagi 458-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan
oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Transport va aloqa sohasida faoliyat koʻrsatish huquqi uchun davlat poshlinasi miqdorlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 1997-yil 19-fevraldagi 89-son qaroriga ilova eslatmasi birinchi xat boshining pochta va telekommunikatsiyalarga oid qismi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1997y., 2-son, 6-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Chastota spektridan foydalanish, teleradiodasturlarni shakllantirish va tarqatish hamda maʼlumotlar uzatish samaradorligini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1998-yil 10-iyuldagi 293-son qarori 7-bandining uchinchi xat boshi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1998y., 7-son, 26-modda) quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2001-yil 1-yanvardan boshlab teleradiodasturlarni tarqatish (translyatsiya, retranslyatsiya qilish) va maʼlumotlarni uzatish uchun litsenziyalar besh yil muddatga beriladi”.
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-noyabrdagi 458-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlarining
roʻyxati
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Faoliyatning ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 1994-yil 19-apreldagi 215-son qarori bilan tasdiqlangan “Korxonalar (tashkilotlar)ga faoliyatning ayrim turlari bilan shugʻullanish huquqini beradigan maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish tartibi toʻgʻrisida Nizomning II boʻlimi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1994y., 4-son, 23-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi toʻgʻrisidagi hamda Pochta va telekommunikatsiyalarni rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 1997-yil 28-avgustdagi 420-son qaroriga 1-ilova (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1997y., 8-son, 30-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 28-avgustdagi 420-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi toʻgʻrisidagi Nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida” 1998-yil 19-avgustdagi 354-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1998y., 8-son, 30-modda).
4. Vazirlar Mahkamasining “Maʼlumotlar uzatish milliy tarmogʻini tashkil etish va jahon axborot tarmoqlaridan foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida” 1999-yil 5-fevraldagi 52-son qaroriga ilova II boʻlimining 2-bandi.
