Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlari xodimlarini martaba darajalari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3049-son)
07.08.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 7-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3049]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-iyundagi PQ-3785-son “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-iyuldagi 498-son “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan buyuraman:
1. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlari xodimlarini martaba darajalari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Davlat xizmatlari agentligi hamda Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish Davlat xizmatlari agentligi direktori X. Turaxujayev zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2018-yil 7-avgust,
407-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 7-avgustdagi 407-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlari xodimlarini martaba darajalari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-iyundagi PQ-3785-son “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-iyuldagi 498-son “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi tuman va shahar fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlari shuningdek nikoh uylari (bundan buyon matnda FHDY boʻlimi deb yuritiladi) xodimlari martaba darajalari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Martaba darajalari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish FHDY boʻlimi xodimining navbatdagi attestatsiyadan oʻtishi deb hisoblanmaydi hamda attestatsiyadan oʻtish muddatining uzaytirilishiga asos boʻlmaydi.
2. FHDY boʻlimi xodimlari martaba darajalari boʻyicha attestatsiya qonuniylik, odillik, xolislik, begʻarazlik va kollegiallik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
2-bob. FHDY boʻlimlari xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish
3. FHDY boʻlimlari xodimlarining martaba darajalariga tavsiya etilgan nomzodlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) direktori buyrugʻiga asosan mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq namunaviy tarkibda tuziladigan FHDY boʻlimlari xodimlarini martaba darajalari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish komissiyasi (bundan buyon matnda attestatsiya komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan attestatsiyadan oʻtkaziladi.
4. Martaba darajalariga tavsiya etilgan FHDY boʻlimlari xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish ishlari tegishlicha Agentlikning Kadrlar boʻlimi va uning hududiy boʻlimlari tomonidan tuman (shahar) hokimliklarining bosh yuriskonsultlari bilan birgalikda tashkil etiladi.
5. Martaba darajalariga tavsiya etish haqidagi hujjatlar tegishlicha tuman (shahar) hokimliklarining bosh yuriskonsultlari tomonidan koʻrib chiqiladi hamda tuman (shahar) hokimi tomonidan tegishli takliflar bilan attestatsiya oʻtkazish masalasini koʻrib chiqish uchun attestatsiya komissiyasiga taqdim etiladi.
6. Tuman (shahar) hokimi taqdim etilgan taklifda keltirilgan maʼlumotlarning ishonchliligi uchun shaxsan javob beradi.
7. Martaba darajalariga tavsiya etilgan FHDY boʻlimi xodimlarining attestatsiyasi tegishli hujjatlar attestatsiya komissiyasiga taqdim etilgan kundan boshlab bir oy ichida oʻtkaziladi.
Attestatsiya komissiyasi yigʻilishida martaba darajasiga tavsiya etish masalasi maʼlumot-tavsifnomada keltirilgan ish faoliyati natijalari, kasbiy tayyorgarlik darajasi inobatga olingan holda FHDY boʻlimi xodimining ishtirokisiz koʻrib chiqiladi.
Zarur hollarda, martaba darajalariga tavsiya etilgan nomzodlar attestatsiya komissiyasi tomonidan suhbatdan oʻtkazilishi mumkin.
8. Hujjatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha attestatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi xulosalardan biri qabul qilinadi:
nomzodga martaba darajasi berish mumkinligi toʻgʻrisida;
nomzodga martaba darajasi berish maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida.
9. Attestatsiya komissiyasi Agentlikka tegishli tuman (shahar) hokimi tomonidan tavsiya etilgan martaba darajasidan yuqori yoki past martaba darajasi berish taklifi bilan chiqishi mumkin.
10. Attestatsiya komissiyasi komissiya ishida aʼzolarning uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Attestatsiya natijalari komissiya majlisi bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
11. Attestatsiya komissiyasining xulosasi martaba darajasini berish masalasini hal qilish uchun tegishli hujjatlar bilan birga Agentlikka taqdim etiladi.
12. Agentlik hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda nomzodlarga martaba darajasi berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziriga taklif kiritadi.
13. Martaba darajasi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining tashabbusiga koʻra berilganda attestatsiya oʻtkazilmaydi.
3-bob. Yakuniy qoida
14. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimlari xodimlarini martaba darajalari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
FHDY boʻlimlari xodimlarini martaba darajalari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazish komissiyasining
NAMUNAVIY TARKIBI
1. Lavozimiga koʻra — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmasi boshligʻi, komissiya raisi 2. Lavozimiga koʻra — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi oʻrinbosari, Viloyatlar va Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari — xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, komissiya raisining oʻrinbosari 3. Lavozimiga koʻra — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Viloyatlar va Toshkent shahar hokimligining Tashkiliy-nazorat guruhi rahbari 4. Lavozimiga koʻra — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmasi Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishi ustidan nazorat qilish boʻlimi boshligʻi 5. Lavozimiga koʻra — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Viloyatlar va Toshkent shahar hokimligining Bosh yuriskonsulti 6. Lavozimiga koʻra — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmasi Kadrlar boʻlimi boshligʻi, komissiya kotibi
