Viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari huzuridagi nazorat inspeksiyalari tuzilmasini tartibga solish toʻgʻrisida (455-son)
21.11.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari huzuridagi nazorat inspeksiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, Hukumatning qarorlari va farmoyishlari, boshqa qonun hujjatlarining joylardagi davlat hokimiyati organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishi ustidan taʼsirchan nazorat tashkil etilishini taʼminladilar.
Shu bilan birga iqtisodiyotni erkinlashtirish va islohotlarni yanada chuqurlashtirish yoʻlini izchillik bilan amalga oshirish davlat nazorati tizimida eng avvalo davlatning nazorat va boshqarish funksiyalarini qisqartirishga, uning korxonalar xoʻjalik faoliyatiga aralashuvini cheklashga yoʻnaltirilgan yangi yondashuvlar va usullarni talab etmoqda.
Viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari huzuridagi nazorat inspeksiyalarining faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2001-yil 1-yanvardan boshlab viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlarining oʻrinbosarlari nazorat inspeksiyalarining rahbarlari lavozimlari tugatilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlarining bajarilishini nazorat qilish, tegishli hududlarda nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, ijro intizomini takomillashtirish masalalari viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklansin.
3. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari nazorat inspeksiyalari apparati negizida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarining bajarilishini nazorat qilish boʻyicha boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda nazorat boʻlimi deb ataladi) tashkil etilsin va ular bevosita viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga boʻysundirilsin.
Nazorat boʻlimlariga, shaharlar va tumanlar hokimliklarida bosh inspektorlar zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarining bajarilishini nazorat qilish, shuningdek, nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi hududiy komissiyalar bilan birgalikda korxonalarning moliya-xoʻjalik faoliyatini oʻrganish boʻyicha oʻtkazilayotgan tekshirishlarni tartibga solish masalalari yuzasidan takliflar tayyorlash funksiyalari yuklansin.
4. Viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari nazorat boʻlimlarining tuzilmasi va inspektorlarining cheklangan soni ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga nazorat inspeksiyasi apparati tuzilmasini mazkur qarorga muvofiqlashtirish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 17-iyundagi 301-son qaroriga (1 va 2-ilovalarga) va 1997-yil 30-sentabrdagi 459-son qaroriga (1, 1a, 2, 2a, 3, 3a, 3b, 4 va 4a-ilovalarga) tegishli oʻzgartirishlar kiritilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 21-noyabr,
455-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 21-noyabrdagi 455-son qaroriga ILOVA
Viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari nazorat boʻlimining tuzilmasi va inspektorlarning
cheklangan soni
* ) Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent, Fargʻona viloyatlari, Toshkent shahri — 2 tadan
