Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida sanoat va xizmatlar sohasini rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (619-son)
06.08.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilishini oʻrganishda Respublika ishchi guruhi tomonidan aniqlangan muammolarni bartaraf etish, aholi turmush darajasini yanada oshirish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish va fuqarolarni ishga joylashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2018 — 2020-yillarda Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida kafolatli ish oʻrinlarini tashkil etish hamda sanoat, xizmatlar sohasi va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish loyihalarining manzilli roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Fargʻona viloyati hokimligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari, loyihalarning tashabbuskorlari bilan birgalikda tasdiqlangan manzilli roʻyxat parametrlari soʻzsiz bajarilishini taʼminlasin va bu borada investitsiya loyihalarining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini, ishlab chiqarishning moʻljallangan hajmlari oʻzlashtirilishini va yangi ish oʻrinlari tashkil etilishini nazarda tutsin;
muammoli masalalarni muntazam ravishda koʻrib chiqib, ularni hal etish yuzasidan tezkor va amaliy zarur chora-tadbirlarni amalga oshirgan holda loyihalar bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring olib borsin.
3. Fargʻona viloyati hokimligiga Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklari bilan kelishgan holda loyihaning qiymatini va ish oʻrinlari sonini saqlab qolish sharti bilan loyihalarning tasdiqlangan manzilli roʻyxatiga, zaruratga koʻra, oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Fargʻona viloyati hokimligi bilan birgalikda Qoʻqon shahri sektorlari va mahallalari boʻyicha 2018-2019-yillarda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini, band boʻlmagan aholini kasbga qayta tayyorlashni tashkil etish boʻyicha manzilli dasturni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Fargʻona viloyati hokimligi Qoʻqon shahridagi muhandislik-kommunikatsiyalari mavjud boʻlgan va foydalanilmasdan boʻsh turgan bino va inshootlar, shuningdek, yer uchastkalarini bir oy muddatda xatlovdan oʻtkazsin va keyinchalik zamonaviy ishlab chiqarishlar barpo etish hamda yangi ish oʻrinlarini tashkil qilish sharti bilan tadbirkorlik subyektlariga va salohiyatli investorlarga belgilangan tartibda berish hamda mulkdorlar tomonidan ishlab chiqarishni (xizmat koʻrsatishni) yoʻlga qoʻyish orqali ulardan samarali foydalanilishini taʼminlasinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Fargʻona viloyati hokimligi Qoʻqon shahridagi sobiq oʻrmon xoʻjaligining 17 gektar maydoni hududida “Hunarmandlar markazi”, mehmonxonalar, milliy taomlar restorani, gipermarket va turistik infratuzilmaning boshqa obyektlarini qurishni nazarda tutuvchi turizm markazini tashkil etish boʻyicha investitsiya loyihasi uchun salohiyatli investorlarni jalb etish va 2018-2019-yillarda ushbu investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlarini koʻrsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Fargʻona viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda konsignatsiya omborlarini, erkin bojxona zonalarini, shuningdek, tovarlarga ishlov berish, ularni oʻrash-joylash, saralash, saqlash zonalarini oʻz ichiga olgan “Qoʻqon” erkin savdo zonasi tashkil etish masalasini oʻrganib chiqib, tegishli taklif kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi, “Hunarmand” uyushmasining Qoʻqon shahrida tajriba tariqasida quyidagilarni nazarda tutadigan “Usto-shogird, Qoʻqon tajribasi” loyihasini 2018-2019-yillar mobaynida amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
Qoʻqon shahrida yuz nafar ishsiz yoshlarni hunarmandlar va boshqa kasb vakillari boʻlgan ustozlarga bir kalendar yilga shogird sifatida biriktirish va ular bilan mehnat shartnomasi tuzish;
kasb-hunarlarni toʻliq egallagan shogirdlarni keyinchalik mazkur bandning ikkinchi xatboshida koʻrsatib oʻtilgan shartlar asosida kamida ikki nafar shogirdni bepul oʻqitish sharti bilan mustaqil ishni davom ettirish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar bilan taʼminlash.
9. Belgilansinki, “Ustoz-shogird, Qoʻqon tajribasi” loyihasini moliyalashtirish:
ustozlar va shogirdlarga toʻlovlar qismi boʻyicha — Jamoat ishlari jamgʻarmasi, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga;
loyiha doirasida hunarlarni (kasblarni) toʻliq egallab olgan loyiha ishtirokchilari uchun ish inventari va asbob-uskunalar sotib olish qismi boʻyicha — Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda “Ustoz-shogird, Qoʻqon tajribasi” loyihasining amal qilishi tatbiq etiladigan hunarlar va kasblar roʻyxatini tasdiqlasin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Fargʻona viloyati hokimi Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 6-avgust,
619-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-avgustdagi 619-son qaroriga ILOVA
2018 — 2020-yillarda Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida kafolatli ish oʻrinlarini tashkil etish hamda sanoat, xizmatlar sohasi va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish loyihalarining
MANZILLI ROʻYXATI
