Baliqchilik sohasidagi ilmiy faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (606-son)
31.07.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Baliqchilik tarmogʻini jadal rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 6-apreldagi PQ-3657-son qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi tizimidagi Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini yanada takomillashtirish hamda xorijiy mamlakatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Quyidagilar:
Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
2018 — 2021-yillarda baliqchilik sohasida ilmiy faoliyatni takomillashtirish va xorijiy mamlakatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisiga, zarurat boʻlganda, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti xodimlarining cheklangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi doirasida uning tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Quyidagilar Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
baliqchilik tarmogʻida ilmiy-tadqiqot ishlarining strategik yoʻnalishlarini va sohadagi mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan istiqbolli tadqiqot mavzularini belgilash;
davlat ilmiy dasturlari doirasida fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar asosida baliqchilik sohasini jadal rivojlantirish yuzasidan ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirish;
sohada seleksiya-naslchilik ishlari, baliqlarni oziqlantirish, shuningdek, baliqlar kasalliklarining oldini olish va ularni davolash tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha uslubiy va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish;
intensiv texnologiyalar asosida, jumladan, qafas moslamalarida, yopiq aylanma suv tizimida, oqar suv basseynlarida, sugʻorish tarmoqlari va daryo boʻylarida baliq yetishtirishning innovatsion usullarini ishlab chiqarishga keng koʻlamda tatbiq etish;
baliqchilik tarmogʻi uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda ishtirok etish, sohaga oid seminar va treninglar oʻtkazish;
yangi innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha xorijiy mamlakatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish.
4. Quyidagilar Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti va uning hududiy filiallarining faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Davlat ilmiy dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablagʻlar;
“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining Baliqchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan baliqchilik sohasidagi ilmiy-tadqiqotlar uchun ajratiladigan mablagʻlar;
xoʻjalik yuritish va xizmat koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar va donor mamlakatlar grantlari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Belgilansinki, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti va uning hududiy filiallarining xodimlariga respublika ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi:
bir oy muddatda Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining yangilangan ustavini ishlab chiqib, tasdiqlasin hamda uning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
ikki oy muddatda Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutini iqtidorli yosh olimlar, ilmiy kadrlar va malakali mutaxassislar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin.
6. Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti Toshkent viloyati, Yangiyoʻl tumani, “Qoʻshyogʻoch” qishloq fuqarolar yigʻini hududidagi binoga joylashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmurodov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 31-iyul,
606-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-iyuldagi 606-son qaroriga 1-ILOVA
Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining
TUZILMASI
Jami xodimlar soni — 87 nafar, shu jumladan:
boshqaruv xodimlari — 15 nafar, ilmiy xodimlar — 31 nafar, ishlab chiqarish xodimlari — 41 nafar.
*Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar soni qonunchilikda belgilangan meʼyorlar asosida aniqlanadi.
**Xoʻjalik hisobidan moliyalashtiriladi.
Ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishda shartnoma asosida qoʻshimcha ilmiy xodimlar jalb qilinishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-iyuldagi 606-son qaroriga 2-ILOVA
2018 — 2021-yillarda baliqchilik sohasida ilmiy faoliyatni takomillashtirish va xorijiy mamlakatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish
ChORA-TADBIRLARI DASTURI
