Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati boʻyicha ruxsatnoma berish tartibi toʻgʻrisida nizomlarni tasdiqlash haqida (595-son)
30.07.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha taʼlim tizimini yanada ragʻbatlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi PQ-3651-son qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq:
davlat-xususiy sherikchilikning oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalarini moddiy-texnik va uslubiy jihatdan taʼminlash shakli asosida tashkil etilgan oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyati uchun litsenziya olish talab etilmaydi;
50 nafargacha bolani tarbiyalashni nazarda tutuvchi oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalarini moddiy-texnik va metodik jihatdan taʼminlash shaklidagi davlat-xususiy sheriklik loyihasi xususiy sherikning tashabbusi bilan, tanlov oʻtkazilmay va taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganish asosida, ular bilan toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi;
2. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-yanvardagi 6-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 1-son, 3-modda) bilan tasdiqlangan Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatiga 3-ilovaga muvofiq qoʻshimcha kiritilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov va Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri A.V. Shin zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-iyul,
595-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-iyuldagi 595-son qaroriga 1-ILOVA
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining maqsadi va vazifalarini, ularning faoliyatini tashkil etish, moddiy-texnik va uslubiy jihatdan taʼminlash, moliyalashtirish, ularni boshqarish tartibini belgilaydi.
2. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi imzolagan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitimga, boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faqat davlat-xususiy sheriklikning oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini moddiy-texnik va metodik jihatdan taʼminlash shakli asosida tashkil etiladi.
4. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti yakka tartibdagi tadbirkor shaklida faoliyat yuritadi va bank hisob raqamiga, oʻz nomi koʻrsatilgan muhrga ega boʻladi.
2-bob. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining maqsadi va vazifalari
5. Quyidagilar oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining maqsadi hisoblanadi:
6. Quyidagilar oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining vazifalari hisoblanadi:
taʼlim-tarbiya jarayoniga zamonaviy taʼlim dasturlari va texnologiyalarini joriy etish;
bolalarning hayotini muhofaza qilish va sogʻligʻini mustahkamlash;
bola shaxsini sogʻlom va yetuk, maktabda oʻqishga tayyorlangan tarzda shakllantirish;
bolalarning intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlanishini taʼminlash;
bolalarda xalqimizning yuksak maʼnaviyati va insonparvarlik anʼanalariga sadoqat tuygʻularini shakllantirish.
7. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari:
ota-onalar bilan kelishuv boʻyicha qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatish (shu jumladan oʻqituvchilar, murabbiylar, tibbiyot xodimlarini taklif qilish);
tarbiyalanuvchilar sonidan kelib chiqib 4 nafargacha tarbiyachi va yordamchilarni yollash;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan tartibda tashkilotning rahbari va xodimlarining malakasini oshirish;
xizmatlar koʻrsatishdan tushgan mablagʻlar hisobiga tarbiyachi va uning yordamchisi ishini qoʻshimcha ravishda ragʻbatlantirish;
foyda olish huquqiga ega.
3-bob. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini tashkil etish
8. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari taʼlim faoliyatini oʻziga tegishli uyda (turar joy), bitim muddati davomida amal qilish sharti bilan notarial tasdiqlangan ishonchnoma yoki davlat organlaridan roʻyxatdan oʻtgan ijara shartnomasi asosida yoxud qonunchilikda belgilangan boshqa asoslarga koʻra foydalanish mumkin boʻlgan turar va noturar joylarda amalga oshirish huquqiga ega.
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya talab etilmaydi.
9. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotining muassislari yakka tartibdagi tadbirkor boʻladi.
10. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga kirish joyida fuqarolarni oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti haqida maʼlumotlardan xabardor qilish maqsadida axborot peshlavhasi oʻrnatiladi.
Unda tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimlariga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalangan holda berilgan xabarnoma va uning qabul qilinganligi toʻgʻrisida tasdiqnoma nusxalari davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim nusxasi, pedagog va tibbiyot xodimlarining diplomlari nusxalari, Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining ish tartibi va boshqa hujjatlarning nusxalari joylashtiriladi.
11. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan 7 — 50 nafar bolalarga tarbiya berilishiga yoʻl qoʻyiladi.
12. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etilishi rejalashtirilayotgan uyda bolalarning sogʻlom oʻsishi va tarbiya olishlari uchun zarur shart-sharoitlar boʻlishi, bino va inshootlar yongʻin xavfsizligi hamda sanitariya-epidemiologiya xizmatining sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mos boʻlishi lozim.
13. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti shaklidagi davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun xususiy sherik (yakka tartibdagi tadbirkor shaklida) davlat sherigiga ariza bilan murojaat qiladi.
Xususiy sherikning loyihani amalga oshirish toʻgʻrisidagi arizasi davlat sherigi tomonidan ariza tushgan kundan boshlab 15 kun ichida koʻrib chiqiladi.
Loyihani amalga oshirish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, davlat sherigi va xususiy sherik oʻrtasida yetti kun ichida bitim tuziladi.
Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida tuzilgan bitimlarning yagona reyestri Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan yuritiladi.
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimlariga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalangan holda berilgan xabarnomani qabul qilinganligi haqida tasdiqnomani olgan kundan boshlab taʼlim faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻladi. Bunda, oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti xabarnomaga quyidagi hujjatlar nusxasini ilova qiladi:
davlat-xususiy sheriklik bitimi;
yongʻin nazorati organlarining mavjud binolar va xonalarning yongʻin xavfsizligi talablariga mosligi haqidagi xulosasi;
sanitariya-epidemiologiya nazoratining mavjud binolar va xonalarning gigiyena qoidalari, normalari va normativlariga mosligi haqidagi xulosasi;
sogʻliqni saqlash organlari bilan tuzilgan shartnoma.
Quyidagi hujjatlar davlat sherigi tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlardan mustaqil ravishda, shu jumladan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali soʻrab olinadi:
guvohnoma nusxasi;
oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyaviy-taʼlim faoliyatini olib borayotgan pedagogika xodimi oliy yoki oʻrta maxsus pedagogik maʼlumotiga ega ekanligini tasdiqlovchi hujjat.
14. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida taʼlim mazmuni maktabgacha taʼlimga qoʻyiladigan davlat talablariga asosan ishlab chiqilib, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlangan yoki tavsiya qilingan dasturlar bilan belgilanadi.
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti oʻz (mualliflik) dasturlaridan foydalanishga haqlidir. Ushbu dasturlarni tasdiqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadi.
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining oʻz (mualliflik) dasturlarida milliy, etnik va diniy adovatni targʻib etishga qaratilgan buzgʻunchilik gʻoyalarini aks ettirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotining ish tartibi va bolalarning tashkilotda boʻlish vaqti ota-onalarning istak va talablaridan kelib chiqib muassis tomonidan belgilanadi.
9 soatli;
4 soatli.
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti joylashgan hududda yashaydigan aholi talablaridan kelib chiqib, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida 6 kunlik ish haftasi ham joriy etilishi mumkin.
16. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida bolalarning ovqatlanishi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari asosida amalga oshiriladi.
17. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilariga tibbiy yordam koʻrsatish sogʻliqni saqlash organlarining shartnoma asosida maxsus biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Tibbiyot xodimlari oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti xodimlari bilan birgalikda bolalarning hayoti, sogʻligʻi va jismoniy rivojlanishi, davolash-profilaktika tadbirlari oʻtkazilishi, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga, ovqatlanish rejimi va sifatiga rioya qilinishi uchun javob beradilar. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti xodimlarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish shartnoma asosida amalga oshiriladi.
4-bob. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga bolalarni qabul qilish
18. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga bolalarni qabul qilish jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, tegishli tibbiy xulosa asosida amalga oshiriladi.
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga bolalarni qabul qilish va muassasadan chiqarish tartibi oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotining qarori bilan amalga oshiriladi.
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotidagi bolalar soni 7 nafardan kam boʻlmasligi va 50 nafardan oshmasligi lozim.
19. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida oʻquv yili joriy yilning 2-sentabridan boshlanadi va keyingi yilning 1-iyuniga qadar davom etadi. 1-iyundan 1-sentabrgacha boʻlgan davr tashkilotda sogʻlomlashtirish davri hisoblanadi.
5-bob. Taʼlim-tarbiya jarayoni qatnashchilari
20. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida bolalar, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar (keyingi oʻrinlarda ota-onalar deb ataladi), pedagog xodimlar taʼlim-tarbiya jarayonining qatnashchilari hisoblanadi.
21. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti bolalarni qabul qilishda ota-onalarni oʻz ustavi, kun tartibi, taʼlim-tarbiya dasturlari va boshqa hujjatlar bilan tanishtirishi shart.
22. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti bilan ota-onalar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar ushbu tashkilotning ustavi hamda shartnoma bilan tartibga solinadi. Ota-onalar bilan tuzilgan shartnoma bolalarning ushbu tashkilotda boʻlish vaqtini, taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etishda tomonlarning huquqlari, majburiyatlari hamda javobgarligini oʻz ichiga oladi.
23. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan tuzilgan bitimga asosan tarbiyalanuvchilar umumiy sonining 70 foizi miqdorida ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalarning farzandlarini va maxsus kontingentlarni oʻqitish, ular uchun kamida 3 yil davomida ota-onalar toʻlovining imtiyozli hajmlarini (shu joydagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan hajmlardan oshmaydigan miqdorlarda) belgilaydi. Bunda, boquvchisini yoʻqotgan ayollar farzandlarini oʻqitish bepul amalga oshiriladi.
24. Ota-onalar quyidagi huquqlarga ega:
oʻz bolalari uchun taʼlim-tarbiya shakllarini, oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida taʼlim berish tilini tanlash;
oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida bolalarga taʼlim-tarbiya berish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini hamda bolaning shaxsiga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlishni talab qilish;
oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma shartlarida belgilangan tartibda kun davomida oʻziga qulay boʻlgan vaqtda bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotidan olib ketish;
ota-onalar qonun hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
25. Quyidagilar ota-onalarning majburiyatlari hisoblanadi:
oilaviy nodavlat taʼlim tashkiloti bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq ota-onalar badalini oʻz vaqtida toʻlash;
oilaviy nodavlat taʼlim tashkilotida bolaga berilgan taʼlim-tarbiyani mustahkamlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish.
Ota-onalar qonun hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlar ham olishlari mumkin.
26. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchisi va xodimlari oʻrtasidagi munosabatlar oʻzaro hamkorlik, bolaning shaxsini hurmat qilish va unga shaxsiy xususiyatlariga muvofiq rivojlanishi uchun erkinlik berish asosida olib boriladi.
27. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida tegishli oliy yoki oʻrta maxsus pedagogik maʼlumotli shaxslar pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega.
Oliy yoki oʻrta maxsus pedagogik maʼlumotga ega boʻlmagan (tegishli hududlarda oliy yoki oʻrta maxsus pedagogik maʼlumotli talabgorlar mavjud boʻlmagan holatlarda) Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim yoʻnalishi boʻyicha qayta tayyorlovdan oʻtkazilgan shaxslar ham pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega.
Sud tomonidan yoki tibbiy xulosaga muvofiq bunday faoliyat bilan shugʻullanishi taqiqlangan shaxslarning pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
28. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotining pedagoglari va boshqa xodimlari bilan mehnat shartnomalari tuzish va ularni bekor qilish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
29. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari belgilangan tartibda pedagog kadrlar shaʼni va qadr-qimmatini himoya qiladi, ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalari, mualliflik dasturlari, metodik qoʻllanmalar va didaktik materiallar joriy etilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.
30. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti xodimlarining huquq va imtiyozlari qonun hujjatlarida, ushbu tashkilotning ustavida, shuningdek, mehnat shartnomasida belgilanadi.
31. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotining pedagog xodimlari quyidagi huquqlarga ega:
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini boshqarishda ushbu tashkilot ustavida belgilangan tartibda qatnashish;
oʻz kasbiy shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
32. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotining pedagog xodimlari quyidagilarga majbur:
taʼlim-tarbiya jarayoniga zamonaviy taʼlim dasturlarini tatbiq etish;
ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish boʻyicha oʻziga yuklangan vazifalar doirasida shart-sharoitlar yaratish;
bolalarga yuqori professional darajada taʼlim-tarbiya berish orqali maktabgacha taʼlim sifatini oshirish;
pedagog axloq-odobiga rioya qilish, bolaning qadr-qimmatini hurmat qilish, bolalarni tazyiqdan himoya qilish, ularni mehnatga, ota-onaga hurmat, atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish ruhida tarbiyalash;
oʻzining kasbiy koʻnikmalarini va pedagogik mahoratini doimiy ravishda takomillashtirish.
Pedagog xodimlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham olishi mumkin.
6-bob. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini boshqarish va uning faoliyatini nazorat qilish
33. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini boshqarish muassis tomonidan amalga oshiriladi.
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari har chorakda kamida bir marta oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni tuman maktabgacha taʼlim boʻlimiga taqdim etadi.
34. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyatini nazorat qilish muassis tomonidan, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
35. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan maktabgacha taʼlimga qoʻyiladigan davlat talablarining va taʼlim-tarbiya dasturlarining bajarilishini nazorat qilish ushbu sohadagi vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
36. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan oʻtkazish, ularning faoliyatini vaqtincha toʻxtatib turish va toʻxtatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
7-bob. Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash
37. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga mol-mulk qonun hujjatlarida belgilangan tartibda biriktiriladi.
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti oʻziga biriktirilgan mol-mulkni va oʻziga ajratilgan mablagʻlar hisobiga sotib olingan mol-mulkni qonun hujjatlariga muvofiq tasarruf etadi.
38. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tuman (shahar) hokimliklari bilan birgalikda har yilgi mahalliy budjet mablagʻlaridan iqtisod qilib qolingan mablagʻlar doirasida tashkil etiladigan yangi oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyati uchun moʻljallangan mebel, ashyo va anjomlar bilan jihozlashga koʻmaklashadilar.
Maktabgacha taʼlim vazirligi maktabgacha taʼlim boshqarmalari orqali oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyati uchun zarur boʻlgan oʻquv materiallari bilan davlat budjetidan ushbu xarajatlar uchun ajratilgan maqsadli mablagʻlar doirasida bepul taʼminlaydi. Mazkur jihozlar va oʻquv materiallaridan ehtiyotkorlik bilan foydalanish va ularning saqlanishiga oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti javob beradi.
39. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyati qonun hujjatlariga muvofiq muassisning mablagʻlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan ajratiladigan subsidiyalar hisobidan moliyalashtiriladi.
40. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga quyidagi maqsadlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan subsidiyalar ajratiladi:
yollangan (Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyatlar markazlarida — 2 nafargacha, boshqa hududlarda — 4 nafargacha) tarbiyachi va yordamchi xizmatlarga tegishli toifa boʻyicha qisqa muddatli yoki 9 soatlik davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan mehnatga toʻlanadigan haqqa teng shartlarda va hajmlarda ish haqi toʻlash;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan normativlar boʻyicha ovqatlanish, yumshoq inventar va dori-darmonlarga ajratilayotgan miqdorlarda xarajatlarni qoplash;
boquvchisini yoʻqotgan ayollar farzandlarining ota-onalar badali toʻlovlarini tegishli hududdagi 9 soatlik davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan miqdorlarda qoplash.
41. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan ham moliyalashtirilishi mumkin.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
42. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida maktabgacha taʼlim tashkilotining asosiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan tashkilotlarning, shu jumladan, siyosiy partiyalar va harakatlarning tashkil etilishiga va faoliyat koʻrsatishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotidagi taʼlim va tarbiya dunyoviy xususiyatga ega boʻladi.
43. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etilishi, qayta tashkil etilishi, tugatilishi mumkin.
44. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotining xalqaro hamkorligi, pedagog kadrlarning amaliyot oʻtashi va ularning malakasini oshirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-iyuldagi 595-son qaroriga 3-ILOVA
Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatining IV boʻlimiga quyidagi mazmundagi 551-band qoʻshilsin:
“ 551 davlat-xususiy sherikchilikning oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalarini moddiy-texnik va uslubiy jihatdan taʼminlash shakli asosida tashkil etilgan oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyati ”.
