Qishloqni lizing shartlarida qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (424-son)
02.11.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Qishloq xoʻjaligini yuqori samarali zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan jihozlashni ragʻbatlantirish, qishloq xoʻjaligi mashinasozligini, shu jumladan yetakchi xorijiy kompaniyalar ishtirokida rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni shakllantirish, qishloqqa yetkazib berilayotgan traktorlar va oʻrim-yigʻim texnikasi uchun hisob-kitob qilish mexanizmini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, yangi zamonaviy gʻalla oʻrish kombayni va paxta terish mashinasini va ular bilan agregatlashtirilib ishlatiladigan traktorni (keyingi oʻrinlarda qishloq xoʻjalik texnikasi deb ataladi) qishloq xoʻjaligi korxonalari va ularga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga (keyingi oʻrinlarda lizing oluvchilar deb ataladi) quyidagi lizing shartlarida yetkazib beriladi:
zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 20 foizi avans sifatida lizing oluvchilar tomonidan oʻz mablagʻlari hisobiga toʻlanadi;
zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 80 foizi lizing tashkilotlari tomonidan ularga Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) tomonidan qaytariladigan qarz asosida ajratiladigan mablagʻlar hisobiga moliyalashtiriladi.
2. Lizing tashkilotlariga quyidagi vazifalar yuklansin:
lizing oluvchilarning qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berish yuzasidan berilgan buyurtmalarini umumlashtirish;
qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berish yuzasidan buyurtmalarni joylashtirish;
joylashtirilgan buyurtmalarga muvofiq yetkazib beriladigan qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun oʻz vaqtida avans toʻlash va uzil-kesil hisob-kitob qilish;
lizing shartnomalarini tuzish, yangi qishloq xoʻjaligi texnikasini lizingga berish, lizing toʻlovlarini oʻz vaqtida undirilishini va Jamgʻarmaga toʻlanishini taʼminlash;
Jamgʻarma bilan tuzilgan har bir qarz shartnomasi boʻyicha ajratilgan mablagʻlarning hisobini oʻz vaqtida yuritish va ularni hisoblangan foizlari bilan toʻlash.
4. Zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing shartlarida yetkazib berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Jamgʻarmaga har yili, 1-oktabrdan boshlab va uning kelgusi yilga tushumlar va xarajatlari balansi tasdiqlangungacha boʻlgan davrda, zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarilishini taʼminlash uchun ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki ularning rasmiy dileriga avans berish uchun lizing tashkilotlari buyurtmanomalari boʻyicha mablagʻlar ajratishga ruxsat etilsin. Avans berish har oylik ulushlar bilan, oldi-sotdi shartnomasida koʻrsatilgan yetkazib berish muddatidan kechikmay, ushbu shartnomada kelgusi yilda yetkazib berish nazarda tutilgan hajmlar va yetkazib berish muddatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Ushbu bandda nazarda tutilgan tartib mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan 2025-yilda tayyor holda import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalariga ham tatbiq qilinadi.
5. Lizing tashkilotlari lizing oluvchilar bilan lizing shartnomalari tuzishda:
lizing oluvchilarga texnikani faqat lizingning butun davri uchun olinayotgan texnika boʻyicha mulkiy tavakkalchiliklar sugʻurta polisi mavjud boʻlgandagina berishni;
lizing kompaniya daromad foizining imtiyozli stavkasi Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizidan yuqori boʻlmasligini;
lizing muddatini fermer, dehqon xoʻjaliklari uchun 10 yil, qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi boshqa tashkilotlar uchun 7 yil etib belgilanishini nazarda tutadi.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
lizingga olingan qishloq xoʻjaligi texnikasining buzilishida aybdor boʻlgan lizing oluvchilar belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortishgacha boʻlgan darajada javob beradilar;
lizing oluvchilar tomonidan lizing shartnomasida nazarda tutilgan lizing toʻlovlari oʻz vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda tijorat banklari lizing egasining hisob raqamiga soʻzsiz bajarilishi kerak boʻlgan lizing tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan toʻlov talabnomalarini qoʻyadi;
2023 — 2025-yillarda tayyor holda import qilingan yangi zamonaviy gʻalla oʻrish kombaynlari va paxta terish mashinalari hamda ular bilan agregatlashgan holda ishlatiladigan traktorlarni qishloq xoʻjaligi subyektlariga imtiyozli lizing shartlarida yetkazib berishni moliyalashtirish Jamgʻarma tomonidan amalga oshiriladi;
Jamgʻarmaning imtiyozli qarz mablagʻlari hisobidan xarid qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan subsidiyalar qoʻllanmaydi;
lizing toʻlovlari toʻgʻri hisoblab yozilishi hamda toʻlanishini, shuningdek Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi va ularning oʻz vaqtida qaytarilishini nazorat qilish Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
7. “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi umumdavlat va mahalliy soliqlarni toʻlashdan besh yil muddatga ozod qilinsin, boʻshaydigan mablagʻlar qishloqqa qishloq xoʻjaligi texnikasi yetkazib berishni mablagʻ bilan taʼminlash manbalarini toʻldirishga maqsadli yoʻnaltirilsin.
8. “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda barcha viloyatlar markazlarida “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi filiallari ochilishini taʼminlasin.
10. Toshkent shahar hokimligi “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi apparatini joylashtirish masalasini bir oy muddatda hal etsin.
Oʻzbekiston Pochta va telekommunikatsiyalar agentligi “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasini zarur aloqa vositalari, shu jumladan hukumat aloqa vositalari bilan taʼminlasin.
11. “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat mulki qoʻmitasi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklari bilan birgalikda xolding kompaniya korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirish chora-tadbirlarini ikki hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin. Mazkur chora-tadbirlar:
turar joy va ijtimoiy sohaning boshqa obyektlari “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” xolding kompaniyasi korxonalari balansidan mahalliy hokimiyat organlariga berilishini;
foydalanilmayotgan asbob-uskunalar, binolar, inshootlar, qurilishi tugallanmagan obyektlar sotilishi yoki konservatsiya qilinishini oʻz ichiga oladi.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 2-noyabr,
424-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 2-noyabrdagi 424-son qaroriga 1-ILOVA
Zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing shartlarida yetkazib berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Ushbu Nizom mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqarilgan yangi zamonaviy gʻalla oʻrish kombayni va paxta terish mashinasi va ular bilan agregatlashtirilib ishlatiladigan traktorni (keyingi oʻrinlarda qishloq xoʻjaligi texnikasi deb ataladi) lizing shartlarida yetkazib berishni tartibga soladi.
Mazkur Nizom talablari mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 2025-yilda tayyor holda import qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalariga ham tatbiq qilinadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi qishloq xoʻjaligi uchun zarur qishloq xoʻjaligi texnikasini turlari boʻyicha shakllantirilgan maʼlumotni hisobot yilining 1-sentabriga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) taqdim etadi.
3. Taqdim etilgan maʼlumot asosida Jamgʻarma Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing shartlarida yetkazib berishni moliyalashtirish uchun mablagʻlar manbalarini shakllantiradi.
4. Jamgʻarma oʻzining veb-sahifasida kelgusi yil uchun qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing shartlarida yetkazib berishga qarz mablagʻlarini ajratish toʻgʻrisidagi maʼlumotni joylashtiradi.
5. Jamgʻarmaning veb-sahifasiga joylashtirilgan maʼlumotlar asosida respublikada faoliyat yurituvchi barcha lizing tashkilotlari qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing shartlarida yetkazib berish boʻyicha dastlabki buyurtmanomalarni Jamgʻarmaning veb-sahifasiga joylashtiradi.
6. Jamgʻarma veb-sahifaga joylashtirilgan dastlabki buyurtmanomalar tahlili asosida lizing tashkilotlari bilan qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing shartlarida yetkazib berishga qarz mablagʻlarini ajratish toʻgʻrisida Bosh bitim tuzadi.
Lizing tashkilotlari qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilar yoki ularning rasmiy dilerlari bilan qishloq xoʻjaligi texnikasini yetkazib berish, toʻlov tartibi va muddati koʻrsatilgan oldi-sotdi shartnomalari tuzadi.
7. Lizing tashkilotlari:
Jamgʻarma bilan moliyaviy resurslar jalb etish uchun shartnoma tuzadi. Bunda lizing boʻyicha daromad foizi miqdori, shuningdek, lizing oluvchilar tomonidan toʻlanadigan lizing toʻlovlaridan ushlab qolinadigan lizing tashkiloti va bank xizmatlari uchun toʻlovlar miqdori kelishib olinadi;
tijorat banklari bilan moliyaviy agent funksiyalarini bajarish yuzasidan;
sugʻurta tashkilotlari bilan sugʻurta qonunchiligiga muvofiq shartnomalar tuzadi.
8. Lizing tashkilotlari lizing oluvchilar bilan qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing shartlarida yetkazib berish shartnomalarini tuzadi. Har bir shartnomaga lizing toʻlovi jadvali ilova qilinadi. Bunda shartnomalar 3 nusxada tuziladi va bir nusxasi tijorat bankiga joʻnatiladi.
9. Lizing oluvchilar:
lizingga olinadigan qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 20 foizini lizing tashkilotlariga toʻlaydilar;
lizingga olinadigan qishloq xoʻjaligi texnikasini oʻz mablagʻlari hisobiga sugʻurta tashkilotlarida sugʻurta qiladilar;
lizing shartlarida rasmiylashtirilgan qishloq xoʻjaligi texnikasining qoplanmagan qiymatini hamda hisoblangan lizing foizini fermer, dehqon xoʻjaliklari 10 yil muddatgacha, qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi boshqa tashkilot va korxonalar 7 yil muddatgacha lizing tashkilotlariga toʻlaydilar.
10. Lizing tashkilotlari lizing oluvchilar toʻlagan avans mablagʻlaridan kelib chiqib qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 60 foizigacha avans toʻlovini toʻlashga pul mablagʻlarini ajratish uchun buyurtmanomalarni Jamgʻarmaga taqdim etadi.
Ushbu buyurtmanomalar asosida Jamgʻarma pul mablagʻlarini kelgusi davr uchun lizing tashkilotining tijorat bankidagi Jamgʻarma bilan hisob-kitoblar hisobvaragʻiga (keyingi oʻrinlarda amaliyot hisobvaragʻi deb ataladi) oʻtkazadi.
11. Lizing tashkiloti shartnomada belgilangan muddatda yetkazib beriladigan qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 80 foizi miqdorida ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki ularning rasmiy dilerlariga amaliyot hisobvaragʻidan avans mablagʻini toʻlaydi.
12. Lizing tashkiloti tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikasi lizingga rasmiylashtirilgandan keyin shartnoma shartlariga muvofiq lizing oluvchiga yetkazib beriladi.
Lizing tashkiloti qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing oluvchiga yetkazib berganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgandan keyin qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining qolgan yakuniy 20 foizi miqdoridagi pul mablagʻlari Jamgʻarma tomonidan lizing tashkilotining amaliyot hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
13. Har oyda, kechi bilan oyning 5-kuni, lizing tashkiloti hizmat koʻrsatuvchi tijorat bankiga oldingi oyda tuzilgan shartnomalar boʻyicha lizing toʻlovi jadvali nusxalarini taqdim etadi.
14. Lizing oluvchilar lizing shartnomalarida belgilangan muddatlarda va miqdorlarda lizing tashkilotlariga lizing toʻlovlari (asosiy qarz va foiz)ni toʻlaydilar. Toʻlangan mablagʻlar toʻliq miqdorda amaliyot hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
15. Lizing tashkilotlari tuzilgan qarz shartnomalariga muvofiq jalb etilgan qarz mablagʻlar boʻyicha asosiy qarz va foizlarni shartnomada belgilangan muddatlarda Jamgʻarmaga toʻlanishini taʼminlaydi. Lizing boʻyicha foizlar Jamgʻarma, lizing tashkiloti va tijorat banki oʻrtasida tuziladigan Bosh bitimga muvofiq taqsimlanadi.
16. Lizing tashkiloti va tijorat banki Jamgʻarma mablagʻlarining harakati, mablagʻlardan foydalanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har oyning 5-kuniga, shuningdek, choraklik, yillik buxgalteriya hisobotlarini chorak tugagandan keyingi oyning 20-kuniga qadar Jamgʻarmaga taqdim etadi.
17. Lizing oluvchilar tomonidan majburiyatlar bajarilmaganda lizing tashkiloti, qonunchilikda belgilangan tartibda undirish choralarini koʻradi. Undirilgan pul mablagʻlari lizing tashkilotining amaliyot hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
18. Lizing tashkiloti va unga hizmat koʻrsatuvchi tijorat banki va ularning hududiy filiallari rahbarlari, shuningdek, lizing oluvchilarning rahbarlari va bosh buxgalterlari Jamgʻarma mablagʻlarini maqsadga muvofiq ishlatilmaganligi, hisob-kitob qilish tartibi buzilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
