Homilaning sogʻligʻi va yashab ketishiga imkon bermaydigan tugʻma nuqsonlar bilan bolalar tugʻilishini oldini olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3047-son)
31.07.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining
Buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 31-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3047]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-dekabrdagi PQ-3440-son “2018 — 2022-yillar davrida bolalarda tugʻma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Homilaning sogʻligʻi va yashab ketishiga imkon bermaydigan tugʻma nuqsonlar bilan bolalar tugʻilishini oldini olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. SHADMANOV
Toshkent sh.,
2018-yil 17-iyul,
40-A-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2018-yil 17-iyuldagi 40-A-son buyrugʻiga ILOVA
Homilaning sogʻligʻi va yashab ketishiga imkon bermaydigan tugʻma nuqsonlar bilan bolalar tugʻilishini oldini olish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-dekabrdagi PQ-3440-son “2018 — 2022-yillar davrida bolalarda tugʻma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq homilaning sogʻligʻi va yashab ketishiga imkon bermaydigan tugʻma nuqsonlar bilan bolalar tugʻilishini oldini olish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
prenatal (tugʻruqqacha) skrining tekshiruvlari — skrining tekshiruvining bir turi boʻlib, homilaning sogʻligʻi va yashab ketishiga imkon bermaydigan tugʻma nuqsonlar va irsiy (xromosom) kasalliklarni aniqlash va ushbu patologiyalar bilan bolalar tugʻilishini oldini olishga qaratilgan tekshiruvlar (ultratovush va laborator) toʻplami;
xavf-xatar guruhi — birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari (markaziy tuman (shahar) koʻp tarmoqli poliklinikalari, shahar va qishloq oilaviy poliklinikalari, qishloq vrachlik punktlari) hamda idoraviy poliklinikalarda tuziladigan homilada rivojlanishning tugʻma nuqsonlari va irsiy (xromosom) kasalliklari bilan tugʻilishi ehtimoli yuqori boʻlgan homilador ayollar guruhi.
2. Homilada tugʻma nuqsonlar va irsiy (xromosom) kasalliklarni oldini olish hamda barvaqt aniqlash maqsadida prenatal (tugʻruqqacha) skrining tekshiruvlari oʻtkaziladi.
3. Prenatal (tugʻruqqacha) skrining tekshiruvlari oʻtkazilishini nazorat qilish birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va idoraviy poliklinikalarning akusher-ginekolog shifokori tomonidan amalga oshiriladi.
2-bob. Prenatal (tugʻruqqacha) skrining tekshiruvlarini oʻtkazish
4. Prenatal (tugʻruqqacha) skrining tekshiruvlari samaradorligini oshirish hamda homilaning sogʻligʻi va yashab ketishiga imkon bermaydigan tugʻma nuqsonlar va irsiy (xromosom) kasalliklar bilan bolalar tugʻilishini oldini olish maqsadida homilador ayollar ikkita bosqichdan iborat boʻlgan prenatal (tugʻruqqacha) skrining tekshiruvlaridan oʻtkaziladi.
5. Birinchi bosqich prenatal (tugʻruqqacha) skrining tekshiruvlarida barcha homilador ayollar ommaviy ultratovush tekshiruvidan oʻtkaziladi va tekshiruv natijasida homilada tugʻma nuqsonlar aniqlangan homilador ayollar xavf-xatar guruhiga kiritiladi.
6. Birinchi bosqichdagi tekshiruvlar uch marotabali majburiy ommaviy prenatal (tugʻruqqacha) ultratovush tekshiruvlarini oʻz ichiga oladi.
Birinchi bosqichda oʻtkaziladigan prenatal (tugʻruqqacha) ultratovush tekshiruvi tuman (shahar) markaziy koʻp tarmoqli poliklinikalarining prenatal tashxis xonasida ultratovush shifokori tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda prenatal (tugʻruqqacha) ultratovush tekshiruvlari:
birinchi marotaba homiladorlikning 10 — 14 haftasida hamda mazkur Nizomning ilovasida koʻrsatilgan tugʻma nuqsonlarni aniqlash maqsadida oʻtkaziladi;
ikkinchi marotaba homiladorlikning 16 — 20 haftasida, mazkur Nizomning ilovasida koʻrsatilgan tugʻma nuqsonlarni aniqlash maqsadida oʻtkaziladi;
uchinchi marotaba homiladorlikning 28 — 32 haftasida, kech namoyon boʻladigan mazkur Nizomning ilovasida koʻrsatilgan tugʻma nuqsonlarini aniqlash va homilaning funksional holatini baholash uchun oʻtkaziladi.
7. Birinchi bosqich tekshiruvlar davomida homilador ayolda akusherlik patologiyasi (homilaning rivojlanmay qolishi va oʻlimi) aniqlanganda zudlik bilan tegishli chora-tadbirlarni koʻrish maqsadida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasiga yuboriladi.
8. Ultratovush tekshiruvlari yagona ultratovush tekshiruvi protokollari asosida amalga oshiriladi.
9. Xavf-xatar guruhiga kirgan homilador ayollar “Ona va bola skrining” markazlarida (bundan buyon matnda skrining markazlari deb yuritiladi) ikkinchi bosqichdagi prenatal (tugʻruqqacha) skrining tekshiruvlardan oʻtkaziladi.
Bunda prenatal (tugʻruqqacha) skrining tekshiruvlari tegishli birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va idoraviy poliklinikalar yoʻllanmasi va unga ilova qilingan homilador ayolning tibbiy kartasidan (prenatal (tugʻruqqacha) ultratovush tekshiruvlari natijalaridan) koʻchirma asosida oʻtkaziladi.
10. Prenatal (tugʻruqqacha) skrining tekshiruvlarida quyidagilar oʻtkaziladi:
prenatal (tugʻruqqacha) ultratovush skrining tekshiruvi;
prenatal (tugʻruqqacha) biokimyoviy skrining tekshiruvi;
prenatal (tugʻruqqacha) biokimyoviy skrining tekshiruvi natijasiga muvofiq homilaning xromosom sindromlar bilan tugʻilish xavf darajasi yuqori boʻlgan homilador ayollarda invaziv tekshiruv (xorionbiopsiya, platsentotsentez, kordotsentez) usullari, keyinchalik homila hujayralarini genetik tahlili va boshqalar.
11. Ikkinchi bosqichdagi prenatal (tugʻruqqacha) skrining tekshiruvi natijasida homilador ayolga tibbiy-genetik xulosa beriladi.
12. Skrining markazlari tomonidan homilada mazkur Nizomning ilovasida koʻrsatilgan tugʻma rivojlanish nuqsonlari va irsiy (xromosom) kasalliklar mavjud boʻlganda homilador ayol tibbiy-genetik xulosa bilan tegishli birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va idoraviy poliklinikaga yuboriladi.
13. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarining Tibbiy-maslahat komissiyasiga (bundan buyon matnda TMK deb yuritiladi) skrining markazlari tomonidan berilgan homilador ayolda tugʻma rivojlanish nuqsonlari va irsiy (xromosom) kasalliklar mavjudligi toʻgʻrisidagi tibbiy-genetik xulosani koʻrib chiqish uchun yuboradi.
14. TMK tomonidan homilador ayol va uning yaqin qarindoshlariga prenatal (tugʻruqqacha) skrining tekshiruvlari natijalari toʻgʻrisida, homilada mavjud tugʻma rivojlanish nuqsonlar borligi, tugʻilgandan soʻng chaqaloqning sogʻligʻi va hayotiga taʼsiri, davolash usullari va ular bilan bogʻliq xavf-xatar darajasi, qoʻllash mumkin boʻlgan tibbiy muolajalar va ularning oqibatlari hamda davolash natijalari haqida toʻliq axborot beriladi.
15. TMK skrining markazlarining homilador ayolda mazkur Nizomning ilovasida koʻrsatilgan tugʻma rivojlanish nuqsonlari va irsiy (xromosom) kasalliklar mavjudligi toʻgʻrisidagi tibbiy-genetik xulosasi asosida homilaning sogʻligʻi va yashab ketishiga imkon bermaydigan tugʻma nuqsonlar bilan bola tugʻilishini oldini olish boʻyicha homilador ayol va uning yaqin qarindoshlarining qarori asosida qonunchilik hujjatlariga muvofiq chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
16. Mazkur Nizom talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
17. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh. KUDBIYEV
2018-yil 17-iyul
Homilaning sogʻligʻi va yashab ketishiga imkon bermaydigan tugʻma nuqsonlar bilan bolalar tugʻilishini oldini olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Homila rivojlanishida koʻp uchraydigan tugʻma rivojlanish nuqsonlari va irsiy (xromosom) kasalliklar
ROʻYXATI
T/r Xalqaro kasalliklarning tasnifi (XKT-X) Homilaning sogʻligʻi va yashab ketishiga imkon bermaydigan tugʻma nuqsonlar Jarrohlik amaliyoti yordamida korreksiya qilinishi mumkin boʻlgan homilaning rivojlanish nuqsonlari Prenatal (tugʻuruqqacha) davrda ultratovush bilan aniqlash muddatlari 1. Q 00 Anensefaliya va shunga oʻxshash rivojlanish nuqsonlari 2. Q 00.0 Anensefaliya — I-II uch oylik 3. Q 00.1 Kranioraxishizis — I-II uch oylik 4. Q 00.2 Inensefaliya — I–II uch oylik 5. Q 01 Ensefalotsele 6. Q 01.0 Peshona ensefalotsele — II uch oylik 7. Q 01.2 Ensa ensefalotsele — II uch oylik 8. Q 02 Mikrotsefaliya — II-III uch oylik 9. Q 03 Tugʻma gidrotsefaliya (II-uch oylikda barvaqt aniqlanganda) Tugʻma gidrotsefaliya II-III uch oylik 10. Q 04 Miyaning boshqa tugʻma anomaliyalari (rivojlanish nuqsonlari) 11. Q 04.2 Alobar goloprozensefaliya — II uch oylik 12. Q 05 Spina bifida (umurtqa kanalining toʻliq yopilmaganligi) 13. Q 05.0 Boʻyin sohasidagi Spina bifidagidrotsefaliya bilan — II uch oylik 14. Q 05.1 Koʻkrak sohasidagi Spina bifidagidrotsefaliya bilan — II uch oylik 15. Q 05.2 Bel sohasidagi Spina bifidagidrotsefaliya bilan — II uch oylik 16. Q 05.3 Dumgʻaza sohasidagi Spina bifida gidrotsefaliya bilan — II uch oylik 17. Q 05.5 — Boʻyin sohasidagi Spina bifida gidrotsefaliyasiz II uch oylik 18. Q 05.6 — Koʻkrak sohasidagi Spina bifida gidrotsefaliyasiz II uch oylik 19. Q 05.7 — Bel sohasidagi Spina bifida gidrotsefaliyasiz II uch oylik 20. Q 05.8 — Dumgʻaza sohasidagi Spina bifida gidrotsefaliyasiz II uch oylik 21. Q06 Orqa miyaning boshqa tugʻma anomaliyalari (rivojlanish nuqsonlari) 22. Q06.2 — Diastematomiyeliya II-III uch oylik 23. Q 07 Nerv tizimining boshqa tugʻma anomaliyalari (rivojlanish nuqsonlari) 24. Q 07.0 Arnold-Kiar sindromi — II uch oylik 25. Q 18.9 Yuz va boʻyinning aniqlanmagan rivojlanish nuqsonlari — II-III uch oylik 26. Q 20 Qon aylanish tizimi aʼzolarining tugʻma anomaliyalari (rivojlanish nuqsonlari) 27. Q 20.0 — Umumiy arterial ustuni II-III uch oylik 28. Q 20.3 — Katta tomirlar joylashuvining buzilishi (Transpozitsiya) II-III uch oylik 29. Q 20.4 Yagona qorinchali yurak — II-III uch oylik 30. Q 21 Yurak toʻsigʻining tugʻma anomaliyalari (rivojlanish nuqsonlari) 31. Q 21.0 — Qorinchalararo toʻsiqning defekti III uch oylik 32. Q 21.2 Boʻlmacha-qorincha oraliq toʻsiq nuqsoni — umumiy atrioventrikulyar kanali — II-III uch oylik 33. Q 21.3 — Fallo tetradasi II-III uch oylik 34. Q 22 Oʻpka va uch tavaqali klapanning tugʻma anomaliyalari (rivojlanish nuqsonlari) 35. Q 22.5 Ebshteyn anomaliyasi — II-III uch oylik 36. Q 22.6 — Yurakning oʻng tomonlama gipoplaziyasi sindromi II-III uch oylik 37. Q 23.4 — Yurakning chap tomonlama gipoplaziyasi sindromi II-III uch oylik 38. Q 28 Qon aylanish tizimining boshqa tugʻma anomaliyalari (rivojlanish nuqsonlari) 39. Q 28.2 Serebral tomirlarning arteriovenoz rivojlanish nuqsonlari (Galen anevrizmasi) — III uch oylik 40. Q 33 Oʻpkaning tugʻma anomaliyalari (rivojlanish nuqsonlari) 41. Q 33.0 — Oʻpkaning tugʻma kistasi II uch oylik 42. Q 33.3 Ikkala oʻpkaning ageneziyasi — II uch oylik 43. Q 33.8 — Oʻpkaning boshqa tugʻma anomaliyalari — oʻpkaning kistoz-adenomatoz rivojlanish nuqsoni II-III uch oylik 44. Q 34 Nafas aʼzolarining boshqa tugʻma anomaliyalari (rivojlanish nuqsonlari) 45. Q 34.8 — Nafas aʼzolarining boshqa aniqlashtirilgan tugʻma anomaliyalari — gidrotoraks II-III uch oylik 46. Q 35 Tanglay yorigʻi (boʻri tanglay) Yuqori lab yorigʻisiz, alohida aniqlanmaydi 47. Q 36 Lab yorigʻi (quyon lab) — 48. Q 36.0 — Labning ikki tomonlama yorigʻi II uch oylik 49. Q 36.1 — Labning oʻrtasidan yorigʻi II uch oylik 50. Q 36.9 — Labning bir tomonlama yorigʻi II uch oylik 51. Q 37 Tanglay va lab yorigʻi (boʻri tanglay va quyon lab birga kelishi) — 52. Q 37.0 — Tanglay va labning ikki tomonlama yorigʻi II uch oylik 53. Q 37.1 — Tanglay va labning bir tomonlama yorigʻi II uch oylik 54. Q 39 Qiziloʻngachning tugʻma anomaliyalari (rivojlanish nuqsonlari) 55. Q 39.0 — Qiziloʻngachning oqmasiz atreziyasi II uch oylik 56. Q 39.1 — Qiziloʻngachning traxeya-qiziloʻngach oqmali atreziyasi Prenatal davrda aniqlanmaydi 57. Q 41 Ingichka ichakning tugʻma mavjud emasligi, uning atreziyasi va stenoz 58. Q 41.0 — Oʻn ikki barmoqli ichakning tugʻma mavjud emasligi, atreziyasi va stenozi II uch oylik 59. Q 41.8 — Ingichka ichakning boshqa aniqlashtirilgan qismlarining tugʻma mavjud emasligi, atreziyasi va stenozi III uch oylik 60. Q 42 Yoʻgʻon ichakning tugʻma mavjud emasligi, atreziyasi va stenozi 61. Q 42.8 — Yoʻgʻon ichakning boshqa qismlarining tugʻma mavjud emasligi, atreziyasi va stenozi III uch oylik 62. Q 60 Buyrakning ageneziyasi va boshqa reduksion defektlari 63. Q 60.1 Buyraklarning ikki tomonlama ageneziyasi — II uch oylik 64. Q 61 Buyraklarning kistoz kasalligi 65. Q 61.0 — Buyrakning yakka tugʻma kistasi II-III uch oylik 66. Q 61.1 Infantil turdagi buyrak polikistozi — II uch oylik 67. Q 61.4 Buyrak displaziyasi — ikkala buyrak multikistozi Buyrak displaziyasi — yakka buyrak multikistozi II uch oylik 68. Q 62 Buyrak jomlari oʻtkazuvchanligining tugʻma buzilishlari va siydik naylarining tugʻma anomaliyasi 69. Q 62.0 — Tugʻma gidronefroz II-III uch oylik 70. Q 64.1 — Siydik pufagi ekstrofiyasi II-III uch oylik 71. Q 64.9 Siydik ajratuv tizimi aʼzolarining aniqlashtirilmagan tugʻma anomaliyasi — megatsissis — I-II uch oylik 72. Q 66 Suyak-muskul tizimining tugʻma anomaliyasi (rivojlanish nuqsonlari) va deformatsiyalari 73. Q 66.0 — Ot tuyoqli-varus maymoqlik II uch oylik 74. Q 66.1 — Tovon-varus maymoqlik II uch oylik 75. Q 71 Qoʻllar kaltaligiga olib keluvchi nuqsonlar 76. Q 71.0 — Qoʻl (qoʻllar)ning tugʻma toʻliq yoʻqligi II uch oylik 77. Q 71.1 — Qoʻl panjalarning mavjudligida yelka va bilak suyaklarining tugʻma yoʻqligi II uch oylik 78. Q 71.2 — Qoʻl panjalari va bilak suyaklarining tugʻma yoʻqligi II uch oylik 79. Q 71.3 — Qoʻl panja va barmoqlarning tugʻma yoʻqligi II uch oylik 80. Q 71.6 — Qisqichsimon qoʻl panja II uch oylik 81. Q 72 Oyoqlar kaltaligiga olib keluvchi nuqsonlar 82. Q 72.0 — Oyoq (oyoqlar) ning tugʻma toʻliq yoʻqligi II uch oylik 83. Q 72.1 — Tovon mavjudligida son va boldir suyaklarining tugʻma yoʻqligi II uch oylik 84. Q 72.2 — Boldir va tovonning tugʻma yoʻqligi II uch oylik 85. Q 72.3 — Tovon va panjalarning tugʻma yoʻqligi II uch oylik 86. Q 72.7 — Tovonning tugʻma yorilishi II uch oylik 87. Q 73.0 Qoʻlning (qoʻllar) va oyoqning (oyoqlar) aniqlashtirilmagan tugʻma yoʻqligi — I-II uch oylik 88. Q 73.1 Fokomiyeliya — I-II uch oylik 89. Q 73.8 Qoʻllar va oyoqlarning aniqlashtirilmagan kaltaligiga olib keluvchi boshqa nuqsonlar — II uch oylik 90. Q 74.3 Tugʻma koʻp sonli artrogripoz — II-III uch oylik 91. Q 74.8 Qoʻl-oyoqlarning boshqa aniqlashtirilgan tugʻma anomaliyalari-sirenomiyeliya — II uch oylik 92. Q 75.9 Kalla va yuz suyaklarining aniqlashtirilmagan tugʻma anomaliyalari — II-III uch oylik 93. Q 76 Umurtqa pogʻonasi va koʻkrak qafasi suyaklarining tugʻma anomaliyasi (rivojlanish nuqsonlari) 94. Q 76.0 — Spina bifida occulta Prenatal (tugʻruqqacha) davrda aniqlanmasligi mumkin 95. Q 77 Naysimon suyaklar va umurtqa pogʻonasining oʻsish defekti bilan kechuvchi osteoxondrodisplaziyasi 96. Q 77.0 Axondrogeneziya — II-III uch oylik 97. Q 77.4 — Axondroplaziya* II-III uch oylik 98. Q 79 Boshqa ruknlarda tasniflanmagan, suyak-muskul tizimining tugʻma anomaliyalari (rivojlanish nuqsonlari) 99. Q 79.0 — Tugʻma diafragmal churrasi II uch oylik 100. Q 79.2 — Ekzomfaloz I-II uch oylik 101. Q 79.3 — Gastroshiz I-II uch oylik 102. Q 79.4 Olxoʻrisimon qorin sindromi — II uch oylik 103. Q 87.0 Koʻproq yuzning tashqi koʻrinishiga taʼsir qiluvchi tugʻma anomaliyalar sindromlari-siklopiya — I-II uch oylik 104. Q 89 Boshqa ruknlarda tasniflanmagan, boshqa tugʻma anomaliyalar, koʻp sonli tugʻma rivojlanish nuqsonlari 105. Q 89.4 Yopishgan egizaklar — II uch oylik 106. Q 90 — Daun sindromi* Ultratovush markerlari bilan qonning biokimyoviy oʻzgarishlari mavjud boʻlganda prenatal invaziv muolaja va kariotip tekshiruvi oʻtkaziladi 107. Q 91 Boshqa tugʻma rivojlanish nuqsonlari bilan birga kelgan Edvards sindromi va Patau sindromi — 108. R 83.9 Homila va chaqaloq uchun xos boʻlgan tashqi qoplamlarning aniqlashtirilmagan oʻzgarishi — noimmun homila shishi — —
Izoh:
* Homilador ayolga va uning yaqin qarindoshlariga homilaning sogʻligʻi va yashab ketishiga imkon bermaydigan tugʻma nuqsonlar toifasiga kiritish taklif etiladi.
1. Yurakning prenatal (tugʻruqqacha) davrda aniqlanmaydigan tugʻma nuqsonlari:
a) aorta va oʻpka arteriyasini bogʻlovchi arterial tomirni ochiq qolishi;
b) boʻlmachalararo toʻsiqning nuqsoni (ikkilamchi);
v) qorinchalararo toʻsiq nuqsonining kichik oʻlchamlari;
g) yurak boʻlmachalari oraligʻidagi oval teshikni ochiq qolishi;
d) klapanlarni aniq namoyon boʻlmagan anomaliyasi;
e) oʻpka venalari qaytishining qisman anomalligi.
