Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan mikrokredit berish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida (367-son)
10.09.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kichik va oʻrta biznesni, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun xalqaro moliyaviy institutlar va tashkilotlarning kredit resurslarini keng jalb etish, kredit berishning yangi shakllari va usullarini joriy etish, tadbirkorlik tuzilmalarining moliyaviy mablagʻlar olishini kengaytirish hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida mikrokredit berish dasturini amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining texnik koʻmagida “Ipak yoʻli” aksiyadorlik-investitsiya-tijorat banki va “Hamkor bank” aksiyadorlik-tijorat banki orqali Kichik tadbirkorlik subyektlariga mikrokredit berish boshlangʻich dasturi amalga oshirilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining mikrokredit berish dasturi doirasini kengaytirish va kichik tadbirkorlik subyektlarini mablagʻ bilan taʼminlashga 20 mln. AQSH dollari miqdorida (birinchi transh) kredit liniyasini ochish toʻgʻrisidagi taklifi;
mahalliy xom ashyo va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, xizmatlar koʻrsatish sohasida kichik ishlab chiqarishni rivojlantirishni, qoʻshimcha ish oʻrinlari tashkil etishni, mehnatga yaroqli aholi koʻp boʻlgan mintaqalarda kichik biznesni rivojlantirishni, shuningdek respublika xotin-qizlarining ish bilan band boʻlmagan qismi oʻrtasida kasanachilikni qoʻllab-quvvatlashni oʻz ichiga oluvchi mikrokredit berish dasturini asosiy yoʻnalishlari maʼqullansin.
3. Belgilansinki:
kichik tadbirkorlik subyektlariga Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining kredit liniyasi mablagʻlari hisobiga mikrokredit berish Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan tanlab olingan tijorat banklari orqali milliy valyutada amalga oshiriladi;
erkin almashtiriladigan valyutadagi koʻrsatib oʻtilgan kredit liniyasi mablagʻlarini milliy valyutaga konvertatsiya qilish tijorat banklari tomonidan ularni birjadan tashqari valyuta bozorida sotish yoʻli bilan amalga oshiriladi;
mikrokreditlar bir qarz oluvchiga 5000 AQSH dollariga teng miqdordan ortiq boʻlmagan miqdorda beriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining mikrokredit berish dasturida qatnashayotgan tijorat banklariga kichik tadbirkorlik subyektlariga aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun naqdinasiz shaklda, shuningdek faqat naqd shaklda qaytarish sharti bilan naqd mablagʻlarda mikrokreditlar berish huquqini berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Oʻzbekiston Banklar uyushmasi bilan birgalikda kichik, xususiy tadbirkorlik subyektlariga mikrokredit berishning keng koʻlamli dasturini amalga oshirishga tijorat banklarini qoʻshimcha jalb etish toʻgʻrisidagi masalani Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan ishlab chiqsin.
6. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga oʻz normativ hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirish;
mikrokredit berish dasturida qatnashuvchi tijorat banklariga kreditlarni, ayniqsa naqd shaklda berilgan kreditlarni qaytarish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish tavsiya etilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 10-sentabr,
367-son
