3-modda. Asosiy tushunchalar
Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida (O‘RQ-489-son) · Sana: 30.07.2018 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ekstremizm — ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga, hokimiyatni zoʻrlik ishlatib egallashga va uning vakolatlarini oʻzlashtirib olishga, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatishga qaratilgan harakatlarning ashaddiy shakllari ifodasi;
ekstremistik faoliyat — quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi asoslarini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga, hududiy yaxlitligi va suverenitetini buzishga;
hokimiyat vakolatlarini egallashga yoki oʻzlashtirishga;
qonunga xilof qurolli tuzilmalar tuzishga yoki ularda ishtirok etishga;
terrorchilik faoliyatini amalga oshirishga;
zoʻrlik yoki zoʻrlik ishlatishga oshkora daʼvat qilish bilan bogʻliq holda milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatishga;
jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etishga, shuningdek ekstremistik tashkilotlarning atributlarini yoki ramziy belgilarini tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etishga;
biror-bir ijtimoiy guruhga nisbatan siyosiy, mafkuraviy, irqiy, milliy, etnik yoki diniy adovat yoxud dushmanlik sababli ommaviy tartibsizliklarni amalga oshirishga;
ushbu moddaning toʻrtinchi — oʻninchi xatboshilarida koʻrsatib oʻtilgan harakatlarni amalga oshirish uchun oshkora daʼvat qilishga qaratilgan harakatlarni rejalashtirishga, tashkil etishga, tayyorlashga yoki sodir etishga doir faoliyat;
ekstremizmni moliyalashtirish — ekstremistik faoliyatning mavjud boʻlishini va faoliyat koʻrsatishini, shaxslarning ekstremistik faoliyatda ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketishini yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali harakatlanishini taʼminlashga, ekstremistik tashkilotlarga yoxud ekstremistik faoliyatga koʻmaklashayotgan yoki bunday faoliyatda ishtirok etayotgan shaxslarga bevosita yoki bilvosita har qanday mablagʻlarni, resurslarni berishga yoxud yigʻishga, boshqa xizmatlar koʻrsatishga qaratilgan faoliyat;
ekstremist — ekstremistik faoliyatni amalga oshirishda ishtirok etayotgan, shuningdek ekstremistik faoliyatda ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketishni yoxud Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali harakatlanishni amalga oshirgan shaxs;
