10-modda. Yuridik shaxs tomonidan ekstremistik faoliyat amalga oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisidagi taqdimnoma
Ekstremizmga qarshi kurashish toʻgʻrisida (O‘RQ-489-son) · Sana: 30.07.2018 · Amalda
Yuridik shaxs tomonidan uning faoliyatida ekstremizm belgilari mavjudligi toʻgʻrisida dalolat beruvchi qonun buzilishi sodir etilgan taqdirda, prokuror yoki ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organining boshqa mansabdor shaxsi mazkur yuridik shaxsning mansabdor shaxsiga koʻrsatib oʻtilgan qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida taqdimnoma kiritadi va ularni bartaraf etish uchun muddat belgilaydi. Agar ushbu qonunbuzarliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, shuningdek taqdimnoma kiritilgan kundan eʼtiboran bir yil ichida ekstremizm belgilari mavjudligi haqida dalolat beruvchi yangi faktlar aniqlansa, prokurorning yoki ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organi boshqa mansabdor shaxsining taqdimnomasiga asosan yuridik shaxsning faoliyati olti oygacha boʻlgan muddatga toʻxtatib turiladi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining qarori bilan taqiqlanadi.
Ekstremistik faoliyat amalga oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida oʻziga taqdimnoma kiritilgan shaxs undan norozi boʻlgan taqdirda, ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuqori turuvchi davlat organiga, uning mansabdor shaxsiga yoki sudga ushbu taqdimnoma ustidan shikoyat qilishga haqli.
