Samarqand viloyatida kichik sanoat zonalarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (556-son)
19.07.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish, aholining bandligi va farovonligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Samarqand viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 16-martdagi PQ-3607-son qarori bilan, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va davlat mulki obyektlari hamda davlat ulushiga ega boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari negizida 14 ta kichik sanoat zonalari (keyingi oʻrinlarda KSZ deb ataladi) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Samarqand viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini va yer uchastkalarini Samarqand viloyatining 1-ilovaga muvofiq KSZlari tarkibiga kiritish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bir oy muddatda, belgilangan tartibda quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda — Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi qoshidagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasining nasos-kuch uskunalarini taʼmirlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan sexining 1,15 gektar yer uchastkasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda — 15,0 gektar maydonga ega boʻlgan sobiq bolalar sogʻlomlashtirish oromgohini Samarqand viloyati hokimligiga berilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda 1-ilovada koʻrsatilgan KSZlarning chegaralarini aniqlashtirsinlar.
5. Belgilab qoʻyilsinki, KSZlarning qoʻshilgan hududlaridagi faoliyat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Samarqand viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 16-martdagi PQ-3607-son qarori talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Samarqand viloyati kichik sanoat zonalarining muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini tiklash ishlarining manzilli roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Samarqand viloyati erkin iqtisodiy zonalari va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha ushbu qarorga 2-ilovaga muvofiq Samarqand viloyati KSZlarning muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini tiklash ishlarini bajarishga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan mablagʻlar ajratsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, Samarqand viloyati hokimligi bir oy muddatda ushbu qarorga 2-ilovaga muvofiq Samarqand viloyati KSZlarining muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini tiklash ishlari tarmoq jadvallarini tasdiqlasinlar va ularning soʻzsiz bajarilishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri B.A. Xoʻjayev, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi R.A. Gulyamov va Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.O. Turdimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 19-iyul,
556-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-iyuldagi 556-son qaroriga 1-ILOVA
Samarqand viloyatidagi kichik sanoat zonalari tarkibiga kiritiladigan foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalari
ROʻYXATI
T/r KSZ nomi KSZ tarkibiga kiritilayotgan obyektlarning nomi Obyekt joylashgan manzil Hududi (ga)* Bino-inshootlar maydoni (kv.m) 1. Samarqand shahar KSZ Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi qoshidagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasining yer uchastkasi bir qismi Samarqand shahri, “Farxod” qoʻrgʻoni 1,15 - 2. Narpay tumani KSZ Sobiq bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi Narpay tumani, “Tepa” MFY 15,0 4 321,7 3. Oqdaryo tumani KSZ Qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalanilmaydigan yer uchastkasi Oqdaryo tumani, “Bo�dorxon” MFY 46,3 - JAMI: 62,45 4 321,7
* Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan tumanlar (shaharlar) hokimliklari bilan birgalikda aniqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-iyuldagi 556-son qaroriga 2-ILOVA
Samarqand viloyatida kichik sanoat zonalarining muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini qayta tiklash ishlarining
MANZILLI ROʻYXATI
* Infratuzilma obyektlari quvvati va xarajatlarning yakuniy miqdori loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishi va tasdiqlanishi natijasida aniqlanadi.
