29-modda. Karantin ostidagi mahsulotni olib kirish
“Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-484-son) · Sana: 09.07.2018 · Amalda
Karantin ostidagi mahsulotni olib kirishga karantin ruxsatnomasi, eksport qiluvchi mamlakatning oʻsimliklar karantini va ularni himoya qilish boʻyicha davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitariya sertifikati yoki guvohnomasi mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Oʻsimliklar karantini va ularni himoya qilish boʻyicha davlat organlariga ega boʻlmagan xorijiy mamlakatlardan karantin ostidagi mahsulotni olib kirishga Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan karantin ostidagi mahsulotning har bir turkumiga alohida-alohida beriladigan karantin ruxsatnomasi mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar karantin ostidagi mahsulotni olib kirishda:
karantin ostidagi mahsulotni Oʻzbekiston Respublikasiga yetkazib berishga yoki uning hududidan tranzit tarzida olib oʻtishga doir savdo shartnomalariga (kontraktlariga) oʻsimliklar karantini obyektlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishining oldini olishni taʼminlaydigan fitosanitariya talablarini kiritishi;
xorijiy mamlakatlardan karantin ostidagi mahsulotni xarid qilish chogʻida, zarur boʻlgan taqdirda, bu mamlakatlardagi karantin ostidagi mahsulotning fitosanitar holatini oʻrganish uchun oʻsimliklar karantini boʻyicha mutaxassislarni yuborishni nazarda tutishi shart.
Olib kirilayotgan karantin ostidagi mahsulot oʻsimliklar karantini chegara punktlarida oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari tomonidan majburiy tekshiruvdan oʻtkazilishi lozim.
Karantin ostidagi mahsulotni olib kirish amalga oshiriladigan oʻsimliklar karantini chegara punktlari Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan belgilanadi.
Qoʻshni davlatlardan oʻsimliklar karantini obyektlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelishi va tarqalishi tahdidi yuzaga kelgan taqdirda, vakolatli organlarning qaroriga koʻra xavf tugʻdiruvchi uchastkalardagi chegara vaqtincha yopib qoʻyiladi.
Oʻsimliklar karantini obyektlari aniqlangan karantin ostidagi mahsulotni olib kirish taqiqlanadi, bundan ularning ilmiy maqsadlarda olib kirilayotgan namunalari mustasno.
Fitosanitariyaga oid yuqori xavfga ega boʻlgan karantin ostidagi mahsulotni, shu jumladan ekish, payvandlash, koʻpaytirish uchun moʻljallangan ekish materiallarini, xususan koʻchatlar, ildizlar, barglar, qalamchalar, urugʻlar, tugunaklar, piyozboshlar, ildizpoyalarni yoki ularning qismlarini xorijiy mamlakatlardan Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi fuqarolarga pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuborish, shu jumladan bagajda va qoʻl yukida olib oʻtish taqiqlanadi. Oʻsimliklar karantini obyektlari bilan zararlanmagan ayrim mevalarni, yangi hoʻl meva va sabzavotlarni yoʻlovchilarning qoʻl yukida oʻtkazishga oʻsimliklar karantini davlat inspektori tomonidan ruxsat beriladi. Alohida qimmatga ega boʻlgan urugʻlar, oʻsimliklar yoki ekish materiallari ilmiy-tadqiqot muassasalarining manziliga yoʻllangan taqdirda, ular oʻsimliklar karantini davlat inspektorining xulosasiga koʻra introduksiya karantin koʻchatxonasiga tekshirish uchun yuborilishi kerak.
