14-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasidagi oʻsimliklar karantini punktlari
“Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-484-son) · Sana: 09.07.2018 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kiriladigan karantin ostidagi mahsulotni (shu jumladan tranzit yuklarni) tekshirish oʻsimliklar karantini davlat inspektorlari tomonidan oʻsimliklar karantini chegara punktlarida oʻtkaziladi.
Oʻsimliklar karantini chegara punkti Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida, ichki hududlararo chegara punktlarida tashkil etiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan xonalar bilan, tekshiruvlar oʻtkazish va namunalar olish, fitosanitariya ekspertizasini hamda fumigatsiya ishlarini amalga oshirish uchun vositalar, aloqa vositalari va Internet jahon axborot tarmogʻi bilan taʼminlanadi.
Oʻsimliklar karantini davlat inspektori fitosanitariya sertifikatining qalbakiligini, belgilangan talablarga muvofiq emasligini aniqlagan yoki karantin ostidagi mahsulotlarda oʻsimliklar karantini obyektlari mavjudligi toʻgʻrisida shubha boʻlgan taqdirda, ushbu karantin ostidagi mahsulot oʻsimliklar karantini tegishli chegara punktida ushlab turiladi va bu haqda Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga xabar beriladi.
