9-modda. Tadbirkorlik faoliyatiga koʻmaklashish sohasida Palataning funksiyalari
“Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-483-son) · Sana: 09.07.2018 · Amalda
Tadbirkorlik faoliyatiga koʻmaklashish sohasida Palata quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
faoliyatini boshlayotgan tadbirkorlik subyektlarini joylashtirish uchun biznes-inkubatorlar barpo etadi hamda ushbu biznes-inkubatorlarning faoliyatini tashkil etadi, ularga biznes-rejalarni tayyorlashda, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq zarur axborotni olish va masalalarni hal etishda ekspert, huquqiy va maslahat yordami koʻrsatadi;
investitsiya va ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish boʻyicha amaliy koʻnikmalarning tadbirkorlik subyektlari tomonidan oʻzlashtirilishida koʻmaklashishni taʼminlaydi;
tadbirkorlik subyektlari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotganda, ularning faoliyati tekshiruvlardan oʻtkazilayotganda ularni huquqiy, shu jumladan yuridik jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi;
moliyaviy, tovar-xomashyo va tabiiy resurslardan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan, texnologik mashinalar va uskunalardan, ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanishda, shuningdek yer uchastkalarini olishda yordam koʻrsatadi;
xoʻjalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib boʻlmas kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlaydi, bundan tashqi savdo bitimlari va xalqaro shartnomalar shartlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuzaga kelgan yengib boʻlmas kuch (fors-major) holatlari mustasno;
Palata aʼzolari va sheriklari ishtirokida jamoatchilik asosida qoʻmitalar, ishbilarmonlik va muvofiqlashtiruvchi kengashlarni tashkil etadi;
innovatsiya tadbirkorligi joriy etilishini, “startup” loyihalar amalga oshirilishini, yoshlarning, avvalo oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari bitiruvchilarining biznesni tashkil qilish hamda yuritishga doir tadbirkorlik tashabbuslarini, shuningdek aholi bandligining va daromadlarining oʻsishini taʼminlashga koʻmaklashuvchi kichik, xususiy hamda oilaviy tadbirkorlik, kasanachilikning va hunarmandchilikning turli shakllari rivojlantirilishini qoʻllab-quvvatlaydi.
Tadbirkorlik faoliyatiga koʻmaklashish sohasida Palata qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
