5-modda. Palataning vazifalari
“Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-483-son) · Sana: 09.07.2018 · Amalda
Palataning vazifalari quyidagilardan iborat:
tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyishi davrida qoʻllab-quvvatlash tizimini shakllantirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, xususiy mulk va tadbirkorlikning rivojlanishiga, ularning ustuvorlik rolini, shuningdek daxlsizligini taʼminlashga, mamlakat aholisini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishga barcha choralar bilan koʻmaklashish;
tadbirkorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik normalarini takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqish, tadbirkorlik subyektlarining ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, ushbu sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasini tashkil etish va ularning amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish jarayonlariga jalb etish;
tadbirkorlik subyektlariga biznesni tashkil etish, yuritish hamda rivojlantirishda yordam koʻrsatish, davlat organlari va boshqa organlarning, shuningdek bozor infratuzilmasi subyektlarining barcha turdagi xizmatlaridan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish va imkoniyat berish, maslahat yordami koʻrsatish hamda axborot bilan taʼminlash;
davlat hokimiyatining barcha tarmoqlari — qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati, shuningdek bank-moliya tashkilotlari va bozor infratuzilmasining boshqa subyektlari bilan hamkorlikni amalga oshirish;
tadbirkorlik tuzilmalari uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi sifatini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini inobatga olgan holda yoʻnalishlar va ixtisosliklar boʻyicha oʻquv dasturlarini va taʼlimni takomillashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasining tadbirkorlik subyektlarini xalqaro ishbilarmonlik hamjamiyatiga integratsiyalash, ular mahsulotlarining tashqi bozorlarga chiqarilishini taʼminlashda koʻmaklashish, milliy brendlarni xorijda ilgari surish, investitsiyalarni, shu jumladan chet el investitsiyalarini, shuningdek zamonaviy texnologiyalarni jalb etish.
Palata qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.
