29-modda. Palataning ekspert kengashlari
“Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-483-son) · Sana: 09.07.2018 · Amalda
Normativ-huquqiy hujjatlarning, shuningdek ular loyihalarining jamoatchilik ekspertizasini oʻtkazish maqsadida Palata huzurida ekspert kengashlari tashkil etiladi.
Ekspert kengashlari huquqiy masalalar boʻyicha, shuningdek sanoat, transport, qurilish, moliya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, savdo va xizmatlar, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda faoliyatning boshqa sohalari boʻyicha tashkil etilishi mumkin.
Ekspert kengashlari tarkibiga Palataning, tadbirkorlik subyektlarining, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, huquqni muhofaza qiluvchi hamda nazorat qiluvchi organlarning, shuningdek taʼlim, ilmiy-tadqiqot, ekspert muassasalarining va boshqa muassasalarning vakillari kiradi.
Zarur hollarda, ekspert kengashlari majlislarining natijalari boʻyicha Palata ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilashga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan takliflar kiritadi.
Ekspert kengashlari muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi, qarorlar majburiy tartibda koʻrib chiqish va natijalari haqida maʼlum qilish uchun tegishli davlat organlariga yuboriladi.
Ekspert kengashlarining faoliyatini tashkil etish tartibi Palata ijroiya qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
