23-modda. Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazorati
“Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-483-son) · Sana: 09.07.2018 · Amalda
Palata va uning hududiy boshqarmalari tadbirkorlik faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiradi:
davlat organlarining, birinchi navbatda, mahalliy davlat hokimiyati organlarining tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari bajarilishi, tadbirkorlik faoliyatiga koʻmaklashish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha faoliyatiga doir zarur maʼlumotlarni soʻrab olish hamda tahlil qilish;
davlat organlarining, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlarning jamoatchilik-maslahat kengashlari faoliyatida majburiy ravishda ishtirok etish;
davlat organlarining, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa organlarning tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish va taʼminlash sohasidagi faoliyati toʻgʻrisida tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida soʻrov oʻtkazish hamda ularning fikr-mulohazalarini tahlil qilish;
normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining tadbirkorlik faoliyatiga taʼsirini baholash yuzasidan jamoatchilik ekspertizasini tadbirkorlik subyektlarini jalb etgan holda oʻtkazish;
tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini shakllantirishga doir davlat dasturlarini, shuningdek hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
Palata aʼzolari boʻlgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlar monitoringini amalga oshirish va ushbu tekshirishlarda ishtirok etish.
Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazorati qonunchilikka muvofiq boshqa usullarda ham amalga oshirilishi mumkin.
