21-modda. Palataning huquqlari
“Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-483-son) · Sana: 09.07.2018 · Amalda
Palata quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, vazirliklarga va idoralarga ishbilarmonlik hamda investitsiya muhitini yaxshilash masalalari yuzasidan, shu jumladan tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan yoki uning rivojlanishini cheklayotgan normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ularni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida takliflar kiritish;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik ekspertizasini oʻtkazish va tadbirkorlikning boshqa masalalarini muhokama qilish uchun tadbirkorlik subyektlari ishtirokida ekspert kengashlarini tuzish;
tadbirkorlik subyektlari va davlat organlari oʻrtasidagi nizoning hal etilishini taʼminlash, shuningdek bozorlarni oʻrganish hamda tahlil qilish maqsadida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan va ularning mansabdor shaxslaridan zarur maʼlumotlar, hujjatlar, materiallarni hamda statistika maʼlumotlarini soʻrab olish, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
taraflar oʻrtasidagi nizolarni sudgacha hal etishni amalga oshirish;
Palata aʼzolarining manfaatlarini koʻzlab sudlarga davlat boji toʻlamasdan daʼvolar taqdim etish, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish;
davlat daromadiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha ijroni qarzdor tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini koʻzlab kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib ijro etish toʻgʻrisidagi ariza bilan ijro hujjatini bergan sudga yoki boshqa organga murojaat qilish;
jinoyat ishlari boʻyicha ish yuritishda tadbirkorlik subyektlarining jamoatchilik himoyachilari sifatida ishtirok etish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinganda tadbirkorlik subyekti nomidan sud muhokamasining istalgan bosqichida ishtirok etish (ikkala taraf Palata aʼzolari boʻlgan hollar bundan mustasno), shuningdek daʼvo arizalari bilan bir qatorda apellyatsiya, kassatsiya, taftish shikoyatlari, arizalar, shu jumladan taftish tartibida protest keltirish haqida iltimosnomalar berish;
