12-modda. Tashqi iqtisodiy faoliyat va chet el investitsiyalarini jalb etish sohasida Palataning funksiyalari
“Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-483-son) · Sana: 09.07.2018 · Amalda
Tashqi iqtisodiy faoliyat va chet el investitsiyalarini jalb etish sohasida Palata quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
biznes-anjumanlar, koʻrgazmalar va yarmarkalar tashkil etadi hamda oʻtkazadi, ularda mahalliy tadbirkorlik subyektlarining ishtirok etishini taʼminlaydi;
tadbirkorlik subyektlariga sheriklarni, yangi bozorlarni izlashda va oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotni tashqi bozorlarga olib chiqishda, eksport turlarini kengaytirish va tadbirkorlik subyektlarining eksport salohiyatini oshirishda, shuningdek ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda koʻmaklashadi;
tashkil etilgan kichik sanoat va erkin iqtisodiy zonalarda zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish, ichki hamda tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish doirasida tadbirkorlik subyektlarini, shu jumladan chet ellik investorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi;
mazkur sohadagi vazifalarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, shuningdek Palataning xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalari bilan hamkorlikni taʼminlaydi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat va chet el investitsiyalarini jalb etish sohasida Palata qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
