6-modda. Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishga yoʻl qoʻymaslik
Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash toʻgʻrisida (O‘RQ-478-son) · Sana: 02.07.2018 · Amalda
Chilim va elektron sigaretalarni:
statsionar savdo obyektlarida, shuningdek umumiy ovqatlanish korxonalarida, bundan chilim va elektron sigaretalar chekish uchun maxsus ajratilgan xonalar mustasno;
kinoteatrlarda, teatrlarda, sirklarda, konsert, koʻrik va koʻrgazma zallarida hamda ommaviy dam olish uchun moʻljallangan boshqa yopiq inshootlarda;
klublarda, diskotekalarda, kompyuter zallarida, Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun jihozlangan xonalarda yoxud boshqa koʻngilochar (boʻsh vaqt oʻtkaziladigan) joylarda;
muzeylarda, axborot-kutubxona muassasalarida va maʼruzaxonalarda;
mahalliy va uzoqqa qatnaydigan poyezdlarda, shahar atrofiga qatnaydigan poyezdlarning vagonlarida (shu jumladan tamburlarida), daryo kemalarida, shaharda, shahar atrofiga, shaharlararo va xalqaro qatnaydigan avtobuslarda, taksilarda, yoʻnalishli taksilarda hamda shahar elektr transportida, shuningdek havo kemalarida;
yer osti oʻtish joylarida, transport bekatlarida va avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylarida;
aeroportlarning, temir yoʻl, avtomobil vokzallarining va suv transporti bekatlarining binolarida;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning binolarida;
sogʻliqni saqlash tizimi muassasalari va tashkilotlarida, taʼlim muassasalarida, jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarida;
ish joylari boʻlgan xonalarda;
koʻp kvartirali uylarning yoʻlaklarida, shuningdek uylar oldi hududida joylashgan bolalar va sport maydonchalarida;
xiyobonlarda, bogʻlarda, koʻchalarda va boshqa jamoat joylarida chekishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Jamoat joylarida joylashgan xonalarni chilim va elektron sigaretalarni chekish uchun berish, xuddi shuningdek jamoat joylarida chilimni va elektron sigaretalarni foydalanishga berish taqiqlanadi, bundan ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan maxsus ajratilgan xonalarning jihozlariga, chilim va elektron sigaretalarni foydalanishga berish tartibiga, chilimlarni sanitariya jihatdan tozalashga va chekiladigan qorishmalarni (tutatqi qiyomni, tutatqi toshni) saqlashga doir talablar, shuningdek tamakiga va chekiladigan qorishmalarga (tutatqi qiyomga, tutatqi toshga) doir gigiyenik talablar qonunchilikda belgilanadi.
