Shumanay, Qonlikoʻl, Shahrisabz va Fozilmon ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaliklarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (471-son)
25.06.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublikamizdagi mavjud yerlardan samarali foydalanish, tuproq-iqlim sharoitlariga mos boʻlgan manzarali va mevali daraxt hamda buta turlarini koʻpaytirish, hududlarda madaniy oʻrmonlarni barpo etish, dorivor va ozuqabop oʻsimliklarni yetishtirish, koʻpaytirish, qayta tiklash, muhofaza qilish va qoʻriqlash, ulardan oqilona foydalanish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 11-maydagi PQ-2966-son qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari hokimliklarining ilovaga muvofiq yer maydonlarida Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimida davlat muassasasi shaklidagi Shumanay, Qonlikoʻl, Shahrisabz va Fozilmon ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaliklarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Yangi tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaliklarining tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 11-maydagi PQ-2966-son qarorining 5-ilovasiga muvofiq shakllantirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Quyidagilar yangi tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaliklarini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
budjetdan tashqari mablagʻlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi yangi tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaliklarining ustavlari va shtatlar jadvallari bir oy muddatda tasdiqlanishi hamda ularning belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda yangi tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaliklari uchun maʼmuriy binolar ajratilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda yangi tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaliklari uchun yer uchastkalarini ajratish hujjatlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini va yer-kadastr hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev va Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi N.J. Bakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 25-iyun,
471-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-iyundagi 471-son qaroriga ILOVA
Shumanay, Qonlikoʻl, Shahrisabz va Fozilmon ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaliklarining yer maydonlari
T/r Davlat oʻrmon xoʻjaligi nomi Tashkil etilayotgan hudud nomi Davlat oʻrmon xoʻjaligiga doimiy foydalanishga beriladigan yer maydonlari (ga) 1. Shumanay ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Shumanay tumani 2050,5 2. Qonlikoʻl ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qonlikoʻl tumani 1993,3 3. Shahrisabz ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaligi Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani 18672 4. Fozilmon ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaligi Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumani 24005 Jami 46720,8
