Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutida harbiy-professional tanlash tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3019-son)
01.06.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi QOʻMONDONIning
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 1-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3019]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-son “Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutida harbiy-professional tanlash tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Qoʻmondon B. TAShMATOV
Toshkent sh.,
2018-yil 14-may,
122-son
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining 2018-yil 14-maydagi 122-son buyrugʻiga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutida harbiy-professional tanlash tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-son “Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutida (bundan buyon Institut deb yuritiladi) harbiy-professional tanlash tadbirlarini oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Institutga nomzodlarni oʻqishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan Butlash rejasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining Institutga qabul oʻrinlarini ajratish toʻgʻrisidagi buyrugʻiga asosan tashkil etiladi.
2. Institutga oʻqishga kirish uchun nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-dekabrdagi PQ-4076-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3147, 2019-yil 3-aprel) talablariga javob berishi zarur.
3. Harbiy-professional tanlashda quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va oʻtkaziladi:
hujjatlarni oʻrganish;
psixofiziologik oʻrganish;
tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
yozma ish (diktant);
kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish;
yakka tartibdagi yakuniy suhbat.
2-bob. Harbiy-professional tanlash tadbirlarini oʻtkazishni tashkil etish
4. Institutga oʻqishga qabul qilishni sifatli tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining buyrugʻiga asosan Institut qabul komissiyasi (bundan buyon qabul komissiyasi deb yuritiladi) tuziladi.
Institut boshligʻi qabul komissiyasi raisi hisoblanadi.
5. Qabul komissiyasi tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining buyrugʻiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining tegishli sohaviy xizmatlari va Institut xodimlari orasidan shakllantiriladi.
Qabul komissiyasi ishiga kelishuv asosida vazirlik va idoralar mutaxassislari jalb qilinishi mumkin.
Qabul komissiyasining ishini tashkillashtirish, faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun qabul komissiyasi raisi masʼul hisoblanadi.
6. Qabul komissiyasi qabul yilining 1-fevral kunidan 31-avgust kuniga qadar faoliyat yuritadi.
3-bob. Harbiy-professional tanlash tadbirlarini oʻtkazish
7. Harbiy-professional tanlash tadbirlari qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadigan reja-jadval asosida 1-iyundan 25-iyunga qadar Institutda oʻtkaziladi.
8. Harbiy professional-tanlash tadbirlarini oʻtkazish davomida nomzodlar turar joy va oziq-ovqat bilan taʼminlanmaydi.
9. Nomzodlarning hujjatlarini oʻrganish qabul komissiyasining tegishli aʼzolari tomonidan amalga oshiriladi. Bunda har bir nomzodning shaxsiy hujjatlar yigʻma jildi roʻyxatga olinadi hamda belgilangan talablarga muvofiqligi tekshiriladi.
4-bob. Psixofiziologik oʻrganish
10. Nomzodlarning psixofiziologik holatini oʻrganish qabul komissiyasi tomonidan mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq Psixofiziologik oʻrganish metodikasi asosida oʻtkaziladi.
11. Psixofiziologik oʻrganish avtomatlashtirilgan psixofiziologik komplekslar (bundan buyon matnda maxsus kompleks deb yuritiladi) yordamida amalga oshiriladi.
12. Psixofiziologik oʻrganish nomzodning hissiy (somatik), psixoemotsional holati yaxshi boʻlgandagina oʻtkazilishi lozim.
13. Psixofiziologik oʻrganish boshlanishidan oldin oʻzini yomon his qilayotgan yoki sogʻligʻidan shikoyat qilayotgan nomzodlar mazkur oʻrganishga qoʻyilmaydi. Bunda, qabul komissiyasi aʼzosi tomonidan mazkur holat yuzasidan dalolatnoma tuziladi.
Mazkur bandda nazarda tutilgan holda psixofiziologik oʻrganishga kiritilmagan nomzodga keyingi guruhlar tarkibida psixofiziologik oʻrganishdan oʻtish uchun qabul komissiyasi tomonidan ruxsat beriladi.
5-bob. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish
14. Nomzodlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining buyrugʻi bilan tasdiqlanadigan, tibbiyot mutaxassislaridan maxsus shakllantiriladigan harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan oʻtkaziladi.
15. Tibbiy koʻrik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-dekabrdagi PQ-4076-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 3147, 2019-yil 3-aprel) muvofiq amalga oshiriladi.
16. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha sogʻligʻining holatiga koʻra nomzodning Institutda oʻqishga yaroqliligi darajasi toʻgʻrisida xulosa chiqariladi.
Sogʻligʻining holatiga koʻra Institutda oʻqishga yaroqsiz deb hisoblangan nomzodlar harbiy-professional tanlashning keyingi tadbirlariga qoʻyilmaydi.
6-bob. Yozma ish oʻtkazish
17. Yozma ish diktant yozish yoʻli bilan nomzodning orfografik va punktuatsion savodxonligini baholash maqsadida amalga oshiriladi.
18. Diktantning mavzulari va matnlari qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
19. Diktantning tasdiqlangan mavzu va matnlari qabul komissiyasining masʼul kotibida saqlanadi va u ularning oshkor qilinmasligini taʼminlaydi.
20. Diktant oʻtkazilayotgan auditoriyaga kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirish taqiqlanadi.
21. Diktant mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq Diktant oʻtkazish metodikasi va baholash mezonlari asosida oʻtkaziladi.
22. Auditoriyada nomzodlarga diktant matnini oʻqib eshittirgan shaxs tomonidan shu auditoriyadagi nomzodlarning yozgan diktantlarini tekshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
23. Nomzodlarning yozgan diktantlarini tekshirgan shaxs mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq Diktant oʻtkazish metodikasi va baholash mezonlari asosida diktantlarni baholaydi va har bir maxsus blankka oʻzining imzosini qoʻyadi.
24. Nomzodlarga diktantni qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.
7-bob. Kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish
25. Nomzodning kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini (bundan buyon KT va AKT deb yuritiladi) egallab olganlik darajasini aniqlash kompyuter yordamida test shaklida mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq Kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish metodikasi va baholash mezonlari asosida oʻtkaziladi.
26. Nomzodlarning KT va AKTni egallab olganlik darajasini tekshirishdan oldin ularga tekshirish oʻtkazish tartibi tushuntiriladi hamda tegishli yoʻl-yoʻriqlar beriladi.
27. Test savollari 1-iyun kuniga qadar qabul komissiyasi tomonidan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi fan dasturlariga muvofiq ishlab chiqiladi.
Test savollari qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
28. Test savollari va ularning javoblari qabul komissiyasi masʼul kotibida saqlanadi va u ularning oshkor qilinmasligini taʼminlaydi.
29. Nomzodning test savollariga bergan javoblari mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq Kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish metodikasi va baholash mezonlari asosida baholanadi.
8-bob. Yakka tartibdagi yakuniy suhbatni oʻtkazish
30. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat nomzodning Institutga oʻqishga kirishi sababini, yetakchilik fazilatlarini, aqliy qobiliyatlari va boshqa muhim professional fazilatlarini aniqlash maqsadida yagona metodika boʻyicha psixofiziologik oʻrganish, diktant natijalari, kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish natijalari asosida oʻtkaziladi.
31. Nomzodlarga harbiy-professional tanlash tadbirlari boshlanishidan oldin qabul komissiyasi tomonidan yakka tartibdagi yakuniy suhbat oʻtkazish boʻyicha tushunchalar, suhbat davomida berilishi mumkin boʻlgan savollarning umumiy yoʻnalishlari va boshqa zarur maʼlumotlar beriladi.
32. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq Yakka tartibdagi yakuniy suhbat oʻtkazish metodikasi va baholash mezonlari asosida oʻtkaziladi.
33. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat ogʻzaki shaklda qabul komissiyasi aʼzolari tomonidan nomzodga beriladigan savollarga javob berish orqali amalga oshiriladi.
34. Nomzodlarga beriladigan savollar nomzodning oʻqishga kirish sababini, yetakchilik fazilatlarini, aqliy qobiliyatini, dunyoqarashi va boshqa muhim professional fazilatlarini aniqlashga yoʻnaltirilgan boʻlishi lozim.
Savollar umumiy oʻrta taʼlim fanlarining oʻquv dasturlariga muvofiq ishlab chiqiladi.
35. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat davomida nomzodlarga beriladigan savollar roʻyxati qabul komissiyasi tomonidan shakllantirilib, 1-iyun kuniga qadar qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
36. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat savollari qabul komissiyasi masʼul kotibida saqlanadi va u ularning oshkor qilinmasligini taʼminlaydi.
37. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat qabul komissiyasi tomonidan qabul yilining 25-iyuniga qadar kollegial prinsip boʻyicha oʻtkaziladi.
38. Nomzodlar yakka tartibdagi yakuniy suhbatdan oʻtish uchun auditoriyaga 1 nafardan kiritiladi.
39. Nomzodlarning savollarga bergan javoblari mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq Yakka tartibdagi yakuniy suhbat oʻtkazish metodikasi va baholash mezonlari asosida baholanadi.
40. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari shu kunning oʻzida nomzodlar eʼtiboriga yetkaziladi.
41. Nomzodlarga yakka tartibdagi yakuniy suhbatni qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.
9-bob. Harbiy-professional tanlash tadbirlari natijalarini aniqlash
42. Nomzodlarning psixofiziologik oʻrganish, yozma ish, kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish hamda yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari boʻyicha toʻplangan ballari qabul komissiyasi masʼul kotibi tomonidan mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shakldagi Harbiy-professional tanlash tadbirlari natijalari boʻyicha qaydnomaga kiritiladi.
43. Nomzodlarning harbiy-professional tanlashning barcha tadbirlari natijalari boʻyicha toʻplagan ballari umumlashtirilib, ularning oʻrtacha arifmetik bahosi aniqlanadi.
44. Oʻrtacha arifmetik bahosi “3” va undan yuqori boʻlgan nomzodlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlarini topshirishga qoʻyiladi.
45. Nomzodlarning aniqlangan oʻrtacha arifmetik bahosi asosida qabul komissiyasi tomonidan nomzodni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlarini topshirishga qoʻyish yoki qoʻymaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
46. Qabul komissiyasining nomzodni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlarini topshirishga qoʻyish yoki qoʻymaslik toʻgʻrisidagi qarori mazkur Nizomning 5-ilovasidagi Harbiy-professional tanlash tadbirlari natijalari boʻyicha qaydnomaga kiritiladi.
Harbiy-professional tanlash tadbirlari natijalari boʻyicha qaydnoma qabul komissiyasining aʼzolari tomonidan imzolanadi.
47. Harbiy-professional tanlash natijasidan norozi boʻlgan nomzodlar Institut boshligʻining buyrugʻi bilan tuziladigan apellatsiya komissiyasiga apellatsiya berish huquqiga ega.
48. Apellatsiya komissiyasi tarkibiga qabul komissiya faoliyatida ishtirok etmagan Institut xodimlari orasidan komissiya raisi va kamida toʻrt nafar aʼzo kiritiladi.
49. Nomzod harbiy-professional tanlash natijasidan norozi boʻlgan taqdirda, harbiy-professional tanlash natijasi eʼlon qilingan vaqtdan boshlab 3 kun davomida apellatsiya berishi mumkin. Nomzod tomonidan berilgan apellatsiya Apellatsiya komissiyasi tomonidan 3 kun ichida koʻrib chiqilishi lozim.
50. Nomzodning apellatsiyasini koʻrib chiqishda nomzod ishtirok etish huquqiga ega.
51. Apellatsiya komissiyasi nomzodning apellatsiyasini koʻrib chiqib, uning natijasi boʻyicha tegishli qaror qabul qiladi. Qarorda nomzodning keyingi bosqichga qoʻyilishi yoki qoʻyilmasligi koʻrsatiladi.
Apellatsiya komissiyasi tegishli qarorning qabul komissiyasiga va nomzodga yetkazilishini taʼminlaydi.
10-bob. Yakuniy qoidalar
52. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutida harbiy-professional tanlash tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Psixofiziologik oʻrganish
METODIKASI
1. Psixofiziologik oʻrganish nomzodning psixofiziologik xislatlari va individual xususiyatlarini aniqlash maqsadida oʻtkaziladi.
2. Nomzodlarni psixofiziologik oʻrganish avtomatlashtirilgan psixofiziologik komplekslar (bundan buyon matnda maxsus kompleks deb yuritiladi) yordamida oʻtkazilishining asosiy tamoyili — nomzodning psixofiziologik xususiyati boʻyicha xulosa qilishda inson omilidan holi boʻlish va subyektivlikdan saqlanish hisoblanadi.
3. Psixofiziologik oʻrganish oʻtkaziladigan kunda nomzod maxsus jihozlangan xonaga kiritilishidan oldin unga mazkur Metodikada nazarda tutilgan psixofiziologik oʻrganish oʻtkazish tartibi, maxsus kompleksning texnik xususiyatlari, xavfsizlik nuqtai nazaridan oʻzini qanday tutishi lozimligi tushuntiriladi hamda tegishli yoʻl-yoʻriqlar beriladi.
4. Psixofiziologik oʻrganish har bir nomzod uchun alohida maxsus jihozlangan xonada oʻtkaziladi.
Ushbu xona tabiiy yoki sunʼiy holda yoritilgan hamda shovqindan himoyalangan boʻlishi lozim.
5. Psixofiziologik oʻrganish oʻtkaziladigan xonaga nomzodlar bir nafardan kiritiladi.
Nomzodlar psixofiziologik oʻrganish oʻtkaziladigan xonaga oʻzining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini koʻrsatgan holda kiritiladi.
6. Nomzodning qoʻllariga maxsus kompleksning elektrodlari ulanadi. Nomzodga mazkur elektrodlar orqali 10 daqiqagacha boʻlgan vaqt davomida kichik quvvatli elektr impulslar uzatiladi.
7. Psixofiziologik oʻrganish davomida nomzod bilan muloqotga kirishishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Psixofiziologik oʻrganish davomida nomzod uzluksiz ravishda kuzatib turiladi.
9. Psixofiziologik oʻrganish yakunida maxsus kompleks nomzodning psixofiziologik xususiyatini “5” ballik tizimda aniqlaydi.
10. Psixofiziologik oʻrganishda uzrsiz sabablarga koʻra qatnashmagan nomzodlar “0” ball bilan baholanadi.
11. Psixofiziologik oʻrganish natijalari boʻyicha shu kunning oʻzida mazkur Metodikaning ilovasiga muvofiq shaklda qaydnoma rasmiylashtiriladi.
12. Qaydnoma psixofiziologik oʻrganishda ishtirok etgan qabul komissiyasining aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda shu kunning oʻzida qabul komissiyasining masʼul kotibiga topshiriladi.
Psixofiziologik oʻrganish metodikasiga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutida harbiy-professional tanlash tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Diktant oʻtkazish metodikasi va baholash mezonlari
1-bob. Diktant oʻtkazish metodikasi
1. Diktant boshlanishidan oldin qabul komissiyasi aʼzolari tomonidan nomzodlarga diktant oʻtkazish tartibi tushuntiriladi hamda maxsus blankalar tarqatiladi.
2. Nomzod maxsus blankaning tegishli qismiga oʻzining familiyasi, ismi va otasining ismini yozadi.
3. Nomzodlarga oʻqib eshittiriladigan diktant matnining hajmi 170 — 200 ta soʻzdan iborat boʻladi.
4. Qabul komissiyasi aʼzolari tomonidan nomzodlarga diktant matni bir marotaba tushunarli va toʻliq oʻqib eshittiriladi. Diktant matni toʻliq oʻqib eshittirilgandan keyin nomzodlar diktantni yozishga tayyorlanadi.
5. Diktant yozish boshlanganda qabul komissiyasi aʼzosi diktant matnini sekin birma-bir oʻqib beradi.
Bunda 1 ta gap oʻqib eshittiriladi va nomzod oʻqib eshittirilgan gapni yozishga kirishadi.
6. Oʻqib eshittirilgan gapni nomzodlar yozib boʻlganidan keyin ushbu gap qabul komissiyasi aʼzosi tomonidan yana bir marotaba oʻqib beriladi.
7. Nomzod diktantni yozib tugatgandan keyin unga berilgan maxsus blankani qabul komissiyasi aʼzosiga topshirib auditoriyani tark etadi.
8. Qabul komissiyasi aʼzosi nomzodlardan qabul qilib olingan maxsus blankalarni tekshirish uchun topshiradi.
9. Mutaxassislar nomzodlarning yozgan diktantlarini 1 kun ichida tekshiradi hamda natijalarni nomzodlarga oʻqib eshittirish orqali eʼlon qiladi.
2-bob. Diktantni baholash mezonlari
10. Nomzodlar tomonidan yozilgan diktant “5” ballik tizimda baholanadi.
Diktant:
1 tagacha orfografik yoki punktuatsion xatolikka yoʻl qoʻyilgan deb topilganda — “5” ball bilan baholanadi;
2 tadan 4 tagacha orfografik yoki punktuatsion xatolikka yoʻl qoʻyilgan deb topilganda — “4” ball bilan baholanadi;
5 tadan 10 tagacha orfografik yoki punktuatsion xatolikka yoʻl qoʻyilgan deb topilganda — “3” ball bilan baholanadi;
11 ta va undan ortiq orfografik yoki punktuatsion xatolikka yoʻl qoʻyilgan deb topilganda — “2” ball bilan baholanadi.
Nomzod maxsus blankani diktant yozilmagan boʻsh holda topshirganda u “0” ball bilan baholanadi.
11. Quyidagi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda diktantdagi xatoliklar 1 ta xato deb hisoblanadi:
5 ta oʻrinda “h” yoki “oʻ” harflari oʻrnida tegishlicha “x” yoki “u” harflari yozilgan boʻlsa;
kirish soʻzlarning (masalan, darvoqe, darhaqiqat) yozilishida 6 tagacha punktuatsion xatolikka yoʻl qoʻyilgan boʻlsa;
qaratqich belgisi 3 tagacha soʻzda notoʻgʻri qoʻllanilgan boʻlsa.
12. Quyidagilar xato deb hisoblanmaydi:
tasodifiy xatolar (masalan, “tushunmoq” soʻzi barcha oʻrinlarda toʻgʻri yozilgan boʻlsa);
takroriy xatolar (masalan, “qutulmoq” soʻzi 5 tagacha oʻrinda “qutilmoq” tarzida qoʻllanilgan boʻlsa);
soʻz koʻchirishdagi xatolar (masalan, voqe-a yoki oktya-br);
ayrim atamalarning yozilishidagi xatolar (masalan, Choʻlpon ota — Choʻpon ota, Yunusobod — Yunus-obod).
13. Diktantdagi tuzatishlar miqdori 5 tadan ortiq boʻlsa, baho bir ballga pasaytiriladi.
14. Diktant natijalari boʻyicha shu kunning oʻzida mazkur Metodikaning ilovasiga muvofiq shaklda qaydnoma rasmiylashtiriladi.
15. Qaydnoma diktantni oʻtkazishda ishtirok etgan qabul komissiyasining aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda shu kunning oʻzida qabul komissiyasining masʼul kotibiga topshiriladi.
Diktant oʻtkazish metodikasi va baholash mezonlariga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutida harbiy-professional tanlash tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish metodikasi va baholash mezonlari
1-bob. KT va AKTni egallab olganlik darajasini tekshirish
1. Nomzodlarning KT va AKTni egallab olganlik darajasini tekshirish kompyuter dasturiga kiritilgan test savollariga javoblarni belgilash orqali amalga oshiriladi.
2. Nomzodlar maxsus kompyuterlar bilan jihozlangan xonaga oʻzining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini koʻrsatgan holda kiritiladi.
3. Nomzodlar maxsus kompyuterlarga bir nafardan oʻtkaziladi.
4. Nomzod maxsus dasturda beriladigan roʻyxatdan oʻzi haqidagi maʼlumotlarni tanlaydi.
5. Nomzod kompyuter dasturlarida beriladigan savollarga javoblarni belgilash orqali test sinovlaridan oʻtadi.
6. Test sinovlari oʻtkazilayotgan xonaga jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirish taqiqlanadi.
7. Nomzodga 50 ta test savoli beriladi.
Test savollarini echish uchun 1,5 soat (90 daqiqa) vaqt beriladi.
8. Har bir test savolida 4 tadan javob varianti beriladi. Nomzodlar test savollarini echishda faqat bitta toʻgʻri javobni belgilashi lozim.
Javoblar toʻgʻri belgilanishi uchun nomzod shaxsan javobgardir. Javoblarni notoʻgʻri belgilagan nomzodlarning eʼtirozi koʻrib chiqilmaydi.
9. Test sinovlarini topshirish vaqtida nomzodning xonadan chiqishi taqiqlanadi, nomzodning sogʻligʻi yomonlashgan holatlar bundan mustasno.
10. Nomzodga test sinovlarini qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.
11. Test sinovlarini oʻtkazish vaqtida test sinovlari oʻtkazilayotgan xonada nomzodlar, qabul komissiyasi aʼzolaridan tashqari boshqa shaxslarning boʻlishi taqiqlanadi.
12. Test sinovlarini belgilangan muddatdan oldin bajargan yoki test sinovlarini bajarish uchun ajratilgan vaqt tugagach, shu vaqtning oʻzida nomzodga uning test sinovlari natijalari kompyuter ekranida eʼlon qilinadi.
2-bob. KT va AKTni egallab olganlik darajasini baholash mezonlari
13. Nomzodning test savollariga bergan toʻgʻri javoblariga avtomatik ravishda kompyuter dasturi orqali har bir toʻgʻri javob uchun “1” ball beriladi.
14. Nomzodning kompyuter ekranida eʼlon qilingan test sinovlari natijalari quyidagicha “5” ballik tizimda baholanadi:
41 — 50 ball berilgan boʻlsa — “5” ball bilan baholanadi;
31 — 40 ball berilgan boʻlsa — “4” ball bilan baholanadi;
21 — 30 ball berilgan boʻlsa — “3” ball bilan baholanadi;
11 — 20 ball berilgan boʻlsa — “2” ball bilan baholanadi;
1 — 10 ball berilgan boʻlsa — “1” ball bilan baholanadi.
Nomzodning kompyuter ekranida eʼlon qilingan test sinovlari natijasi “0” boʻlgan hamda test sinovlarida uzrsiz sabablarga koʻra qatnashmagan nomzodlar “0” ball bilan baholanadi.
15. Test sinovlarining natijalari boʻyicha shu kunning oʻzida mazkur Metodikaning ilovasiga muvofiq shaklda qaydnoma rasmiylashtiriladi.
16. Qaydnoma test sinovlarini oʻtkazishda ishtirok etgan qabul komissiyasining aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda shu kunning oʻzida qabul komissiyasining masʼul kotibiga topshiriladi.
Kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish metodikasiga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutida harbiy-professional tanlash tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Yakka tartibdagi yakuniy suhbat oʻtkazish metodikasi va baholash mezonlari
1-bob. Yakuniy suhbat oʻtkazish
1. Nomzod yakka tartibdagi yakuniy suhbat oʻtkaziladigan xonaga oʻzining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini koʻrsatgan holda kiritiladi.
2. Qabul komissiyasi aʼzolari yakka tartibdagi yakuniy suhbatga kirgan har bir nomzodga 3 ta savol beradi.
Nomzodga savollar navbat bilan birma-bir beriladi (nomzodga 1 ta savol beriladi va nomzod u savolga javob bersa yoki javob bera olmasa unga navbatdagi savol beriladi).
3. Har bir nomzodga savollarga javob berish uchun 10 daqiqagacha vaqt beriladi.
4. Nomzod savollarga belgilangan muddatdan oldin javob bersa u xonani tark etadi.
2-bob. Yakka tartibdagi yakuniy suhbatni baholash mezonlari
5. Nomzodlar savollarga bergan javoblariga qarab quyidagi mezonlar asosida “5” ballik tizimda baholanadi:
nomzod toʻgʻri xulosa va qaror qabul qiladi, ijodiy fikrlay oladi, mustaqil mushohada yuritadi, mohiyatini tushunadi, biladi va aytib beradi deb topilganda — “5” ball;
nomzod mustaqil mushohada yuritadi, mohiyatini tushunadi, biladi, aytib beradi va tasavvurga ega deb topilganda — “4” ball;
nomzod mohiyatini qisman tushunadi, biladi, aytib beradi va tasavvurga ega deb topilganda — “3” ball;
nomzod bilmaydi, aytib bera olmaydi va tasavvurga qisman ega deb topilganda — “2” ball;
nomzod bilmaydi, aytib bera olmaydi va tasavvurga ega emas deb topilganda — “0” ball qoʻyiladi.
6. Nomzodning savollarga bergan javobiga qabul komissiyasining har bir aʼzosi nomzodga oʻz bahosini qoʻyadi. Qoʻyilgan barcha ballar umumlashtirilib, nomzodning oʻrtacha arifmetik bali aniqlanadi.
7. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari boʻyicha shu kunning oʻzida mazkur Metodikaning ilovasiga muvofiq shaklda qaydnoma rasmiylashtiriladi.
8. Qaydnoma yakka tartibdagi yakuniy suhbatni oʻtkazishda ishtirok etgan qabul komissiyasining aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda shu kunning oʻzida qabul komissiyasining masʼul kotibiga topshiriladi.
Yakka tartibdagi yakuniy suhbat oʻtkazish metodikasiga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik institutida harbiy-professional tanlash tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 10/18/3019/1297-son; 14.05.2019-y., 10/19/3019-1/3117-son)
