Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini tashkil etish toʻgʻrisida (475-son)
12.10.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini maqbullashtirish, uning tarmoqlar, hududlarni va mamlakat iqtisodiyoti sohalarini rivojlantirishdagi muvofiqlashtiruvchi rolini oshirish, axborot-tahlil ishlarini chuqurlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Muhim komplekslar, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalari boʻyicha quyidagi Axborot-tahlil departamentlari Vazirlar Mahkamasi Apparatining asosiy tarkibiy boʻlinmalari hisoblansin:
Makroiqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy oʻzgartirishlar, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va hududlarni kompleks rivojlantirish masalalari yigʻma axborot-tahlil departamenti;
Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda isteʼmol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamenti;
Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti;
Mashinasozlik, elektrotexnika va aviatsiya sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari axborot-tahlil departamenti;
Geologiya, yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari axborot-tahlil departamenti.
Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamenti;
Madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari axborot-tahlil departamenti;
2. Quyidagilar:
Bosh vazir kotibiyati tuzilmasi, Bosh vazir oʻrinbosari apparatining tuzilmasi, Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi kotibiyati tuzilmasi va Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisining oʻrinbosari apparati tuzilmasi 2-ilovaga* muvofiq.
* 2-ilova berilmaydi.
Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi axborot-tahlil departamentining tuzilmasi va xodimlari soni 5-ilovaga* muvofiq
* 5-ilova berilmaydi.
Vazirlar Mahkamasi funksional boʻlimlari tuzilmasi va ularning xodimlari soni 11-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 11-ilova berilmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri (Sh.M. Mirziyoyev) Vazirlar Mahkamasi Apparati Rahbari (R.V. Abduqodirov) bilan birgalikda:
bir oy muddatda tasdiqlangan tuzilmalar va xodimlarning soniga muvofiq Axborot-tahlil departamentlari shakllantirilishini taʼminlasin, ularni yuqori malakali kadrlar bilan mustahkamlasin;
ikki oy muddatda koʻrsatib oʻtilgan har bir Axborot-tahlil departamenti toʻgʻrisidagi nizomlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasi funksional boʻlimlari xodimlari shtat jadvalini xodimlarning 11-ilovaga muvofiq tasdiqlangan soniga muvofiq qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin;
Vazirlar Mahkamasi Apparatining yangi tashkiliy tuzilmasi tasdiqlanishi munosabati bilan boʻshab qoladigan xodimlarni ishga joylashtirish chora-tadbirlarini koʻrsin.
4. Vazirlar Mahkamasi Apparati Rahbari (R.V. Abduqodirov) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar yuzasidan bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 12-oktabr,
475-son
