Vino-aroq mahsulotlarini ulgurji va chakana sotishni tartibga solish toʻgʻrisida (452-son)
16.11.2001
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vino-aroq mahsulotlarining noqonuniy aylanishi va sotilishi hollarining oldini olish, alkogolli mahsulotlarni sotishni tashkil etishni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki:
ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan vino-aroq mahsulotlari faqat “Oʻzsharobsanoat” AJning hududiy ixtisoslashtirilgan ulgurji savdo bazalari orqali sotiladi;
respublikada ishlab chiqariladigan vino-aroq mahsulotlarini ulgurji va mayda ulgurji sotish huquqi “Oʻzsharobsanoat” AJning hududiy ixtisoslashtirilgan ulgurji savdo bazalariga beriladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 26-martdagi 136-son qarori 1-bandining ikkinchi xatboshi va 6-bandining ikkinchi xatboshi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 3-son, 16-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M.Z.Usmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2001-yil 16-noyabr,
452-son
