Vazirlar Mahkamasining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasini yanada rivojlantirish va uning mablagʻlaridan samarali foydalanish toʻgʻrisida” 2012-yil 19-dekabrdagi 356-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish haqida (380-son)
21.05.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi Kengashining faoliyati samarali va sifatli tashkil etilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasini yanada rivojlantirish va uning mablagʻlaridan samarali foydalanish toʻgʻrisida” 2012-yil 19-dekabrdagi 356-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 12-son, 87-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri A.I. Axmedxadjayev zimmasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 21-may,
380-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 21-maydagi 380-son qaroriga ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasini yanada rivojlantirish va uning mablagʻlaridan samarali foydalanish toʻgʻrisida” 2012-yil 19-dekabrdagi 356-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-ilovaning 15-bandida:
a) birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Jamgʻarma Kengashi Jamgʻarmani boshqarishning yuqori organi hisoblanadi”;
b) uchinchi xatboshidagi “vazirining oʻrinbosari” soʻzlari “vaziri” soʻzi bilan almashtirilsin.
