Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3012-son)
14.05.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 14-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3012]
Oʻzbekiston Respublikasining “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-sentabrdagi PQ-3305-son “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi qaror qiladi:
1. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Maktabgacha taʼlim vaziri A. ShIN
Toshkent sh.,
2018-yil 30-aprel,
20/1-son
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ShADMANOV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-aprel,
10-qq/1-son
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining 2018-yil 30-apreldagi 20/1, 10-qq/1-son qaroriga ILOVA
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida (bundan buyon matnda maktabgacha taʼlim tashkiloti deb yuritiladi) tarbiyalanuvchilarning hayotini muhofaza qilish va sogʻligʻini mustahkamlashni tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob Umumiy qoidalar
1. Maktabgacha taʼlim tashkilotida bolalarning hayotini muhofaza qilish va sogʻligʻini mustahkamlash maktabgacha taʼlim tashkilotining pedagog va tibbiyot xodimlari, shuningdek maktabgacha taʼlim tashkilotiga hududiy sogʻliqni saqlash organlari tomonidan biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
2. Maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori tarbiyalanuvchilarning hayotini muhofaza qilish va sogʻligʻini mustahkamlashni tashkil etilishi uchun masʼul hisoblanadi.
3. Bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilishda davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori tomonidan bolaning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni mazkur Nizom bilan tanishtirish tavsiya etiladi.
2-bob. Maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanuvchilarning hayotini muhofaza qilishni tashkil etish
4. Tarbiyalanuvchilarning hayotini muhofaza qilish maqsadida maktabgacha taʼlim tashkilotida telefon apparatlari mavjud boʻlgan joylarda, shuningdek barcha xodimlar kirishi va koʻrishi mumkin boʻlgan joylardagi eʼlonlar taxtasiga yongʻin xavfsizligi, favqulodda vaziyatlar, tez tibbiy yordam xizmatlari hamda ichki ishlar organlarining telefon raqamlari koʻrsatilgan maʼlumotlar osib qoʻyiladi.
5. Maktabgacha taʼlim tashkilotining guruh tarbiyachisida tarbiyalanuvchilarning yashash manzili, shuningdek ularning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar bilan bogʻlanish mumkin boʻlgan telefon raqamlari yoki boshqa aloqa vositalari haqidagi maʼlumotlar boʻlishi zarur.
6. Tarbiyalanuvchi maktabgacha taʼlim tashkilotida boʻlgan vaqtda sogʻligʻining yomonlashuvi, shuningdek boshqa noxush holatlar kuzatilgan hollarda maktabgacha taʼlim tashkiloti xodimlari tomonidan zudlik bilan tibbiyot hamshirasiga, shuningdek tarbiyalanuvchining ota-onasiga yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga xabar beriladi. Bunda tarbiyalanuvchining ota-onasi yoki ularning oʻrinini bosuvchi shaxslar yetib kelgunga qadar tibbiyot xodimi tomonidan birinchi tibbiy yordam koʻrsatilishi lozim.
Tarbiyalanuvchining ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxsga kuzatilgan holat va koʻrsatilgan birinchi tibbiy yordam haqida toʻliq maʼlumot beriladi.
7. Tarbiyalanuvchilar maktabgacha taʼlim tashkilotida boʻlgan vaqtda ularni yolgʻiz va nazoratsiz qoldirish taqiqlanadi.
8. Tarbiyalanuvchilarni maktabgacha taʼlim tashkiloti hududidan tashqariga sayr yoki ekskursiyalarga olib chiqish ichki ishlar organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
9. Tarbiyalanuvchilar uchun maktabgacha taʼlim tashkiloti hududidan tashqarida sayr yoki ekskursiyalar rejalashtirilganda maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori hamda tarbiyalanuvchilarning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar xabardor qilinishi shart.
10. Tarbiyalanuvchilar maktabgacha taʼlim tashkiloti hududidan tashqariga sayr yoki ekskursiyalarga olib chiqilganda guruh kamida 2 nafar xodim bilan taʼminlangan boʻlishi lozim. Bunda xodimlarning biri safning oldida, ikkinchisi safning orqasida harakatlanib boradi.
11. Maktabgacha taʼlim tashkilotiga olib kelishda tarbiyalanuvchini ota-onasi (ularning oʻrnini bosuvchi shaxs, ota-onaning voyaga yetgan farzandlari, bobosi, buvisi yoki ota-ona tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ota-onaning vakili) uni shaxsan guruh tarbiyachisiga topshirishi lozim.
Maktabgacha taʼlim tashkilotidan olib ketishda guruh tarbiyachisi tarbiyalanuvchini uning ota-onasiga (ularning oʻrnini bosuvchi shaxs, ota-onaning voyaga yetgan farzandlari, bobosi, buvisi, yoki ota-ona tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ota-onaning vakiliga) topshirishi lozim.
12. Maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanuvchilar xavfsizligini taʼminlash hamda ular uchun zarur sharoitlarni yaratilishini nazorat qilish maqsadida videokuzatuv moslamalari oʻrnatilishi mumkin.
13. Maktabgacha taʼlim tashkilotining har bir qavatida hamma koʻrishi mumkin boʻlgan joylarda favqulodda vaziyatlar yuz bergan hollarda tarbiyalanuvchilarni evakuatsiya qilish rejasi joylashtiriladi.
14. Tungi guruhi boʻlgan maktabgacha taʼlim tashkilotining navbatchisi yoki tungi tarbiyachisi har kuni soat 19:00 dan 20:00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida yongʻin xavfsizligi idoralariga maktabgacha taʼlim tashkilotida mavjud bolalar va xodimlar soni haqida maʼlumot beradi.
15. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarning hayotini muhofaza qilish maqsadida:
maktabgacha taʼlim tashkiloti hududiga kirish eshigiga qoʻngʻiroq oʻrnatilishi;
guruhda mavjud boʻlgan javon, ilgak, portretlar, shuningdek gul tuvaklarini joylashtirishga moʻljallangan maxsus moslamalar devor yoki polga mahkamlab qoʻyilishi lozim.
16. Maktabgacha taʼlim tashkiloti hududida, shuningdek guruhlarda inson uchun xavfli boʻlgan oʻsimlik va buyumlardan foydalanish taqiqlanadi.
3-bob. Maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanuvchilarning sogʻligʻini mustahkamlashni tashkil etish
17. Tarbiyalanuvchilarga tibbiy xizmat koʻrsatish davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining tibbiyot hamshirasi hamda maktabgacha taʼlim tashkilotiga hududiy sogʻliqni saqlash organlari tomonidan biriktirilgan tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
18. Guruh tarbiyachisi ertalab tarbiyalanuvchilarni qabul qilib olgandan keyin, tarbiyalanuvchilarning sogʻligi guruh tarbiyachilari tomonidan hamshira nazoratida koʻrikdan oʻtkaziladi.
19. Yoz mavsumida tarbiyalanuvchilar sayr va ekskursiyalarga yengil bosh kiyimlari boʻlgan holda olib chiqiladi.
20. Tarbiyalanuvchilarning sogʻligʻini mustahkamlash maqsadida maktabgacha taʼlim tashkilotida quyosh vannalari, suv havzalarida choʻmilish, turli jismoniy tarbiya tadbirlari tashkil etiladi. Bunda mazkur tadbirlar guruh tarbiyachilari va tibbiyot xodimlari nazorati ostida amalga oshiriladi.
21. Jismoniy tarbiya tadbirlari ertalabki badantarbiya va turli oʻyinlar shaklida amalga oshiriladi.
4-bob. Yakuniy qoida
22. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
2018-yil 30-aprel
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. ZOKIROV
2018-yil 30-aprel
