Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3013-son)
14.05.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 14-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3013]
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan buyuraman:
1. Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor Sh. SADIKOV
Toshkent sh.,
2018-yil 1-may,
180-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining 2018-yil 1-maydagi 180-son buyrugʻiga ILOVA
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni doimiy ravishda faoliyat koʻrsatadigan Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) tomonidan koʻrib chiqilishi tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Xarid qilish tartib-taomillarining har bir ishtirokchisi, shuningdek nazoratni amalga oshirayotgan shaxslar (bundan buyon matnda arizachi deb yuritiladi) davlat buyurtmachisining (bundan buyon matnda buyurtmachi deb yuritiladi), xarid komissiyasining, uning aʼzolarining, davlat xaridlari elektron tizimi operatorining (bundan buyon matnda Operator deb yuritiladi) harakatlari (harakatsizligi) ustidan, agar bunday harakatlar (harakatsizlik) ishtirokchining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan boʻlsa, sud tartibida yoki Komissiyaga shikoyat qilish huquqiga ega.
2. Davlat xaridlari natijasida tuzilgan shartnomalarda nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarish doirasida kelib chiqadigan nizolar va kelishmovchiliklarni tartibga solish masalalari Komissiya tomonidan koʻrib chiqilmaydi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etilishi lozim.
2-bob. Komissiyaning vazifalari va shakllantirish tartibi
3. Komissiya doimiy ravishda faoliyat koʻrsatadigan organ boʻlib, oʻzining vazifalarini Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga, mazkur Nizomga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
4. Komissiya:
buyurtmachining qonunga xilof harakatlariga, qarorlariga yoki u tomonidan qonunga xilof tartib-taomillar bajarilishiga doir taqiq oʻrnatadi;
buyurtmachining qonunga xilof qarorlarini, shu jumladan davlat xaridlari sohasidagi hujjatlarning shartlarini buzadigan qarorlarini qisman yoki toʻliq bekor qiladi;
xarid qilish tartib-taomillarini tugatish haqida qaror chiqaradi;
ijrochini Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
5. Komissiya Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tuziladi, uning tarkibi tegishli davlat organlari, Operatorlar va jamoatchilik vakillaridan iborat boʻladi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
6. Komissiya ishchi organining vazifasini Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi amalga oshiradi.
7. Komissiya tarkibiga:
Komissiya raisi;
Komissiya raisining oʻrinbosari;
Komissiya aʼzolari kiradi.
8. Komissiya raisi oʻz vakolatlari doirasida:
Komissiya faoliyatini va uning ish tartibiga rioya etilishini tashkil etadi;
shikoyatlarni koʻrib chiqish kunini belgilaydi va Komissiya majlisini oʻtkazadi;
Komissiya aʼzolari oʻrtasida majburiyatlarni taqsimlaydi;
Komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlar ustidan nazoratni tashkil etadi;
Komissiyaning faoliyati toʻgʻrisida davriy hisobotlar tayyorlaydi va uni maxsus axborot portalida eʼlon qiladi.
Komissiya raisi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Komissiya raisi komissiyaga yuklatilgan vazifalarni bajarilishi uchun shaxsan javobgardir.
Komissiya raisi yoʻqligida uning vazifalarini oʻrinbosari bajaradi.
9. Komissiya raisining oʻrinbosari va Komissiya aʼzolari oʻz vakolatlari doirasida:
Komissiya ishida ishtirok etadi;
qaror qabul qilishdagi ovoz berishda ishtirok etadi;
Komissiya raisining topshirigʻi boʻyicha Komissiya koʻrib chiqishi uchun kiritilgan masalalar yuzasidan tegishli xulosalar taqdim etadi;
davlat boshqaruvi va xoʻjalik organlaridan, davlat buyurtmachilaridan, ishtirokchilardan, ijrochilardan, Operatorlardan va boshqa tashkilotlardan oʻz faoliyati uchun zarur boʻladigan har qanday axborot, material va tushuntirishlarni soʻrab oladi;
davlat xaridlari masalalari boʻyicha shikoyatlarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
10. Komissiya zarur holatlarda mutaxassislarni mustaqil ekspert sifatida ovoz berish huquqisiz jalb qilish huquqiga ega.
11. Komissiya majlislari, agar ularning ishida Komissiya aʼzolarining umumiy sonining uchdan ikki aʼzosi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
12. Komissiya kun tartibiga kiritilgan masalani koʻrib chiqish jarayonida Komissiya raisi, uning oʻrinbosari yoki Komissiya aʼzosi oʻzlarida manfaatlar toʻqnashuviga olib kelishi mumkin boʻlgan bevosita yoki bilvosita shaxsiy manfaatdorlik yuzaga kelgan holatda, Komissiya raisi, uning oʻrinbosari yoki Komissiya aʼzosi yigʻilish boshlanishidan oldin bu haqda maʼlum qilishga majbur.
Bu holatda manfaatlar toʻqnashuviga olib kelishi mumkin boʻlgan bevosita yoki bilvosita shaxsiy manfaatdorligi yuzaga kelgan Komissiya raisi, uning oʻrinbosari yoki Komissiya aʼzosi koʻrsatilgan masalani koʻrib chiqish jarayonida ishtirok etmaydi.
13. Komissiya majlislari, majlis bayonnomalarida rasmiylashtiriladi.
14. Komissiyaning ishchi organi:
Komissiyaning navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallarni oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
maxsus axborot portalida Komissiya aʼzolari uchun shaxsiy kabinetlar ochadi;
Komissiya hujjatlarini but saqlanishini taʼminlaydi;
shikoyatni Komissiya aʼzolarining shaxsiy kabinetlariga yuboradi;
navbatdagi majlisga barcha zarur hujjatlarni yigʻilishini, umumlashtirilishini va Komissiya raisiga taqdim etilishini taʼminlaydi;
Komissiyaning qarori asosida ijrochilarni Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritadi;
Komissiya majlisi bayonnomasini yuritadi.
15. Komissiyaga arizachidan shikoyat tushgandan va uni koʻrib chiqish sanasi tayinlangandan soʻng, Komissiyaning ishchi organi ushbu Nizom talablariga muvofiq majlisni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
3-bob. Shikoyatlarni berish tartibi
16. Arizachi shikoyatni Komissiyaga yozma shaklda yoki oʻzining shaxsiy kabinet orqali elektron shaklda yuboradi. Shikoyatga unda koʻrsatilgan holatlarni tasdiqlovchi dalillar ilova qilinadi.
Anonim murojaatlar Komissiya tomonidan koʻrib chiqilmaydi.
17. Arizachi quyidagi holatlarda shikoyat beradi:
buyurtmachining, xarid komissiyasining, uning aʼzolarining, Operatorning noqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan, agar bunday harakatlar (harakatsizlik) ishtirokchining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan boʻlsa;
xarid qilish tartib-taomillari buzilganda;
buyurtmachilar tomonidan takliflarni berish muddatlari asossiz oʻzgartirilganda;
ishtirokchining taklifi buyurtmachilar tomonidan asossiz qabul qilinmaganda yoki rad qilinganda;
buyurtmachilar tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslanmagan usullari qonunga xilof ravishda tanlanganda;
davlat xaridlarida ishtirokchilarning ishtirok etishi toʻgʻrisidagi axborotni buyurtmachilar tomonidan oshkor etilganda;
buyurtmachilar tomonidan ishtirokchilar sonini asossiz ravishda cheklashga yoki ularning malakasiga qoʻyilgan talablarni oshirishga, raqobatga yoʻl qoʻymaslikning, uni cheklashning yoki bartaraf etishning boshqa shakllariga yoʻl qoʻyilganda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno;
narxlarni yoki ishtirokchilarni saralash natijalarini buzib koʻrsatish maqsadida ishtirokchilar oldindan til biriktirilganda;
ishonchsiz yoki buzib koʻrsatilgan axborot taqdim etilganda yoki tarqatilganda, shuningdek davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotdan foydalanish asossiz ravishda cheklanganda;
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan boshqa holatlarda.
4-bob. Shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi
18. Komissiya shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etadigan shaxslarni (bundan buyon matnda taraflar deb yuritiladi) maxsus axborot portali orqali yigʻilish vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi. Komissiya shikoyatni buyurtmachi va ishtirokchining ishtirokida koʻrib chiqadi, bundan ishtirokchi shikoyatni uning ishtirokisiz koʻrib chiqishga rozilik bildirgan yoki uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan hollar mustasno.
19. Shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha majlisda ishtirok etish uchun, taraflar belgilangan tartibda ishonchnoma rasmiylashtirib, oʻzlarining vakillarini yuborishlari mumkin.
191. Komissiyaning majlislari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalaridan foydalangan holda masofadan oʻtkazilishi mumkin.
20. Komissiya shikoyatni qabul qilib olganda shikoyat kelib tushgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida shikoyat haqida buyurtmachini xabardor qiladi hamda xarid qilish tartib-taomilini oʻn ish kunigacha boʻlgan umumiy muddatga toʻxtatib turadi.
21. Arizachining shikoyatida quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
a) nomi, joylashgan yeri (yuridik shaxs uchun), familiyasi, ismi, otasining ismi, turgan joyi (jismoniy shaxs uchun), pochta manzili, elektron pochta manzili, telefon raqami;
b) shikoyat qilinayotgan harakatlar (harakatsizlik) va shikoyatning boshqa asoslari;
v) shikoyat berishga vakolatli shaxsning imzosi va sana.
22. Shikoyatga uning asosliligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi. Bunda, shikoyatda unga ilova qilinayotgan hujjatlar roʻyxati boʻlishi kerak, shuningdek taraflarga shikoyatning nusxalari yuborilganligi tasdigʻi boʻlishi kerak.
221. Komissiya shikoyatlarni koʻrib chiqish va qaror qabul qilish jarayonida maxsus axborot portalida yuritiladigan ishtirokchilarning reytingidan foydalanishi mumkin.
23. Komissiya shikoyat olinganidan keyin yetti ish kuni ichida u boʻyicha qaror chiqarishi va bu haqdagi axborotni maxsus axborot portalida joylashtirishi kerak.
24. Shikoyat boʻyicha qaror Komissiya aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Komissiyaning har bir aʼzosi qabul qilingan qaror boʻyicha oʻzining alohida fikrini yozma bayon etishga haqli.
25. Komissiya yangi ochilgan holatlar asosida avval qabul qilingan qarorlarini qayta koʻrib chiqishi mumkin.
26. Komissiya majlislari qarorlarining asl nusxalari va ularga ilova qilingan materiallar Komissiyaning ishchi organida saqlanadi.
27. Komissiyaning ishchi organi qaror nusxalarini qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran ikki ish kuni mobaynida taraflarga yuboradi.
28. Komissiya qaroridan norozi boʻlgan taqdirda, taraflar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
29. Komissiyaning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari taraflar uchun bajarilishi majburiydir.
30. Komissiya majlisi bayoni va qarori elektron shaklda rasmiylashtiriladi, Komissiya raisi va aʼzolari tomonidan elektron raqamli imzo orqali imzolanadi.
6-bob. Yakuniy qoida
31. Ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
