Qozogʻiston Respublikasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (547-son)
18.11.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston va Qozogʻiston Davlat boshliqlari uchrashuvining Astana shahrida imzolangan 2004-yil 28-maydagi Protokolini bajarish yuzasidan hamda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, avtomobillarda tashuvlar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida, shuningdek “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida 1998-yil 31-oktabrda Toshkent shahrida imzolangan Bojxona ishlarida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitim tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi koʻrsatib oʻtilgan xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartibotlarining Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan bajarilganligi toʻgʻrisida tegishli bildirishnoma yuborsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar kiritsin;
idoraviy normativ hujjatlar ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va E.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 18-noyabr,
547-son
