Mikrokredit tashkilotlari tomonidan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish haqida (1642-3-son)
07.05.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 7-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1642-3]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonunlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-martdagi PQ-3620-son “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2006-yil 7-oktabrdagi 24/3-son qarori (roʻyxat raqami 1642, 2006-yil 23-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 46-47-son, 470-modda) bilan tasdiqlangan Mikrokredit tashkilotlari tomonidan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2018-yil 28-aprel,
16/1-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 28-apreldagi 16/1-son qaroriga ILOVA
Mikrokredit tashkilotlari tomonidan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimcha
1. 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Mikrokredit tashkilotining kapitali quyidagi komponentlardan iborat:
a) ustav kapitali;
b) zaxira kapitali;
v) taqsimlanmagan foyda;
g) boshqa oʻz mablagʻlari.”.
2. 6-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish shartnomalari boʻyicha yillik qarz summasining yarmidan koʻp miqdorida foizlar hisoblash, komissiya va neustoyka (shtraf, penya) undirish, javobgarlikning boshqa choralarini qoʻllashga;
kredit buyurtmalarini koʻrib chiqish, mikrokreditlar (mikroqarzlar) ajratish, ssuda hisobvaraqlariga xizmat koʻrsatish uchun toʻlovlar, shuningdek jismoniy shaxslar tomonidan mikrokreditlar (mikroqarzlar) muddatidan ilgari soʻndirilganligi uchun neustoyka undirishga.”.
