Jarqoʻrgʻon tumanining 2018-yilgi mahalliy budjeti parametrlari toʻgʻrisida (Q-37-son)
11.01.2018
Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati organlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-3454-son qarori hamda Xalq deputatlari tuman Kengashining 2017-yil 31-dekabrdagi 35/1-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Xalq deputatlari Jarqoʻrgʻon tuman Kengashining 2017-yil 31-dekabrdagi “2018-yilga moʻljallangan tuman mahalliy budjetining asosiy koʻrsatkichlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 35/1-sonli qarori maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. 2018-yil uchun Jarqoʻrgʻon tumani boʻyicha budjet daromadlarining reja koʻrsatkichlari 1 “A” va 1 “B” — ilovalarga* muvofiq;
tuman mahalliy budjeti xarajatlarining reja koʻrsatkichlari 2-ilovaga* muvofiq;
2018-yilda viloyat budjetidan ajratiladigan maqsadli transfertlar, tuman mahalliy budjeti daromadlari va xarajatlarining hajmlari 3-ilovaga* muvofiq;
umumdavlat soliqlari tushumlaridan tuman mahalliy budjetiga 2018-yil uchun ajratmalar meʼyori 4-ilovaga* muvofiq;
2018-yil uchun tuman mahalliy budjeti aylanma kassa mablagʻining eng kam chegaraviy miqdori hajmi 5-ilovaga* muvofiq;
* 1 — 5 ilovalar berilmaydi.
3. Tuman mahalliy budjetining daromadiga qoʻshiladigan soliq va boshqa majburiy toʻlovlar mahalliy budjet parametrlarida koʻzda tutilmagan xarajatlarga yoʻnaltirilishiga yoʻl qoʻyilmasin.
4. Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlaridan foydalanuvchilarning xarajatlar smetasi tuzilayotganda birinchi navbatda ish haqi (yagona ijtimoiy toʻlov bilan birga) va unga tenglashtirilgan toʻlovlarga sarflanadigan xarajatlar tuman budjetining tasdiqlangan parametrlari doirasida amalga oshirilsin.
5. Viloyat budjetidan budjet ssudalari olish uchun soʻrovnoma bilan murojaat qilganda, ularni qoplash muddati va manbalari toʻgʻrisida toʻliq axborot taqdim etish lozimligi eʼtirof etilsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Hokim v.b. A. RAXMATOV
Jarqoʻrgʻon t.,
2018-yil 11-yanvar,
Q-37-son
