“701-modda. Daryolarning oʻzanlarini tozalashga va qirgʻoqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-476-son) · Sana: 18.04.2018 · Amalda
Daryolarning oʻzanlarini tozalashga va qirgʻoqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzish —
fuqarolarga eng kam ish haqining oʻttiz baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, —
maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli boʻlgan ashyoni yoki maʼmuriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining ellik baravaridan yetmish baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yuz baravaridan yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi”;
5) 81-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan oʻsimliklarni yoki ularning yashash faoliyati natijasida hosil boʻlgan ildizlari, piyozboshlari, tanalari, poyalari, novdalari, poʻstlogʻi, barglari, gʻunchalari, gullari, urugʻlari, mevalari, sharbatini (yelimini) va boshqa mahsulotlarini oʻzboshimchalik bilan yigʻish, —
fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan ikki baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi”;
6) 99-moddaning uchinchi qismidagi “tarixiy imoratlar joylashgan tumanlarni” degan soʻzlar “madaniy meros obyektlari joylashgan tumanlarni” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
7) 116-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Aerodrom hududida aerodromlarni tanib olish uchun qabul qilingan markirovka belgilariga va qurilmalarga oʻxshash biror-bir belgi va qurilma oʻrnatish yoki aerodrom hududida parvozlar xavfsizligiga tahdid solishi mumkin boʻlgan faoliyatni belgilangan tartibda kelishilmagan holda amalga oshirish, —
fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Binolar va inshootlarda tungi va kunduzgi markirovka belgilarini yoki qurilmalarini oʻrnatish qoidalarini bajarmaganlik, —
