“51-modda. Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-476-son) · Sana: 18.04.2018 · Amalda
Davlat ommaviy axborot vositalarini quyidagi yoʻllar bilan qoʻllab-quvvatlashi mumkin:
soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlar va tariflar boʻyicha imtiyozlar hamda preferensiyalar berish;
davlat subsidiyalari, davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari tizimi orqali moliyaviy qoʻllab-quvvatlash;
moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
tahririyatlar xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash;
ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmalari faoliyatini tashkil etish;
tahririyatlar xodimlarini tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga koʻmaklashish.
Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashdan ommaviy axborot vositalarining mustaqil kasbiy faoliyatini cheklab qoʻyish uchun foydalanilishi mumkin emas”;
5) 18-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Davriy bosma nashrning elektron shaklida quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
davriy nashrning nomi;
davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning sanasi va raqami;
muassisning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi);
bosh muharrirning familiyasi, ismi, otasining ismi;
indeks, tahririyatning joylashgan yeri (pochta va elektron manzili)”;
ikkinchi qismi uchinchi qism deb hisoblansin;
6) 19-moddaning uchinchi qismidagi “bir oy” degan soʻzlar “oʻn besh kunlik” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
7) 20-modda:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Internet jahon axborot tarmogʻidagi veb-sayt ommaviy axborot vositasi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan taqdirda veb-saytning domen nomi koʻrsatiladi, bunda ushbu modda birinchi qismining oltinchi va oʻninchi xatboshilarida nazarda tutilgan maʼlumotlarni taqdim etish talab qilinmaydi”;
toʻrtinchi va beshinchi qismlari tegishincha beshinchi va oltinchi qismlar deb hisoblansin;
8) 22-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ommaviy axborot vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad etilgan taqdirda, qaror chiqarilgandan keyin bir kun ichida arizachiga yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda bildirish yuboriladi (topshiriladi), unda rad etish sabablari, shuningdek arizachi koʻrsatilgan sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni qayta koʻrib chiqish uchun taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatiladi”;
