53-modda. Oʻrmondan maxsus foydalanish huquqini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish
“Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-475-son) · Sana: 16.04.2018 · Amalda
Oʻrmondan maxsus foydalanish huquqi oʻrmonlarni muhofaza qilishni taʼminlash uchun toʻxtatib turilishi, tugatilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
Oʻrmondan maxsus foydalanish huquqi quyidagi hollarda toʻxtatib turilishi mumkin:
oʻrmondan maxsus foydalanishning ruxsat berishga doir talablari va shartlari buzilganligi aniqlanganda;
davlat oʻrmon xoʻjaligi vakolatli organining oʻrmondan foydalanishning ruxsat berishga doir talablari va shartlariga oid aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi qarori bajarilmaganda.
Oʻrmondan maxsus foydalanish huquqi quyidagi hollarda tugatiladi:
foydalanish zarurati qolmaganda yoki undan voz kechilganda;
foydalanishning belgilangan muddati oʻtganda;
oʻrmon toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganda;
oʻrmondan maxsus foydalanish huquqi berilgan jismoniy shaxs vafot etganda yoki uning faoliyati tugatilganda yoxud yuridik shaxs tugatilganda.
Qonunchilikda oʻrmondan maxsus foydalanish huquqini toʻxtatib turish yoki tugatish uchun boshqa hollar ham nazarda tutilishi mumkin.
Oʻrmondan maxsus foydalanish huquqi quyidagilar asosida bekor qilinishi mumkin:
oʻrmondan foydalanuvchining ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasiga koʻra;
ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Oʻrmondan maxsus foydalanish huquqi qonunchilikda belgilangan tartibda toʻxtatib turiladi, tugatiladi yoki bekor qilinadi.
