39-modda. Chorva mollarini oʻtlatish
“Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-475-son) · Sana: 16.04.2018 · Amalda
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan davlat oʻrmon fondi uchastkalarida chorva mollarini oʻtlatish shu maqsadlar uchun maxsus moʻljallangan maydonlarda davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari beradigan ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Oʻrmonlarning daryolar, koʻllar, suv omborlari va boshqa suv obyektlari sohillari boʻylab oʻtgan taqiqlangan mintaqalarida, eroziyadan saqlaydigan oʻrmonlarda, suv taʼminoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalaridagi oʻrmonlarda, alohida qimmatga ega boʻlgan oʻrmonlarda, yongʻoqchilik zonalaridagi oʻrmonlarda, davlat qoʻriqxonalarining oʻrmonlarida, shuningdek belgilangan rejimga muvofiq tabiat bogʻlarining, buyurtma qoʻriqxonalarning, kurort tabiiy hududlarning, davlat biosfera rezervatlarining, davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning oʻrmonlarida chorva mollarini oʻtlatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat oʻrmon fondi uchastkalarida chorva mollarini oʻtlatishga yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarning kamyob va qimmatli turlari tabiiy ravishda takroriy koʻpayishini, yovvoyi hayvonlarni saqlab qolishni, shuningdek eroziya jarayonlarining yuzaga kelish ehtimolining oldini olishni taʼminlash sharti bilan yoʻl qoʻyiladi.
Hayvonot dunyosini hayvonlarning yuqumli va boshqa kasalliklaridan himoya qilish hamda ular tarqalishining oldini olish maqsadida davlat oʻrmon fondi uchastkalarida chorva mollarini oʻtlatishga chorva mollarini, ulovlarni (otlar, eshaklar, tuyalar) va ularni qoʻriqlovchi itlarni veterinariya-laboratoriya koʻrigidan oʻtkazish sharti bilan yoʻl qoʻyiladi.
Davlat oʻrmon fondi uchastkalarida chorva mollarini oʻtlatish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Chorva mollarini oʻtlatish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
