33-modda. Oʻrmondan doimiy foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
“Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-475-son) · Sana: 16.04.2018 · Amalda
Oʻrmondan doimiy foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
davlat oʻrmon fondining oʻzlariga berilgan uchastkalarida oʻrmon xoʻjaligini mustaqil yuritish, oʻrmondan foydalanish;
oʻrmon fondi yerlaridan, suv resurslaridan, keng tarqalgan foydali qazilmalardan belgilangan tartibda oʻrmon xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanish;
belgilangan tartibda yoʻl ochish, oʻrmon mahsulotini joylashtirish uchun maydonchalarni jihozlash, ishlab chiqarish va turarjoy binolari hamda inshootlarini qurish;
tayyorlangan mahsulotga va uni realizatsiya qilishdan olingan daromadga mulkdor boʻlish.
Oʻrmondan doimiy foydalanuvchilar:
oʻrmonlarning muhofaza qilinishini, himoya qilinishini, koʻpaytirilishini, takroriy koʻpaytirilishini, qayta tiklanishini, mahsuldorligi oshirilishini va ulardan oqilona foydalanilishini taʼminlashi;
oʻrmonlarning monitoringini, davlat hisobini va davlat oʻrmon kadastrini yuritishi;
ishlarni oʻrmonlarning holatiga hamda ularni takroriy koʻpaytirishga, shuningdek tuproqning, oʻsimlik va hayvonot dunyosining, suv obyektlarining va boshqa tabiiy obyektlarning holatiga salbiy taʼsir koʻrsatishga yoʻl qoʻyilmaydigan usullar bilan yuritishi;
oʻrmondan vaqtincha foydalanuvchilarning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishi;
oʻrmonlarda yongʻinga qarshi tadbirlar oʻtkazishi va yongʻinlarni bartaraf etish choralarini koʻrishi, shuningdek oʻrmonlarni zararkunandalar hamda kasalliklardan himoya qilish boʻyicha tadbirlar oʻtkazishi;
oʻrmon fondi yerlarida biotexnik tadbirlarni amalga oshirishi;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rejimini taʼminlashi;
oʻrmondan foydalanuvchi boshqa shaxslarning huquqlarini buzmasligi shart.
Oʻrmondan doimiy foydalanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va ularning zimmasida oʻzga majburiyatlar boʻlishi mumkin.
