31-modda. Oʻrmondan foydalanish
“Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-475-son) · Sana: 16.04.2018 · Amalda
Davlat oʻrmon fondi uchastkalari yuridik va jismoniy shaxslarga foydalanishga berilishi mumkin.
Oʻrmondan foydalanish umumiy yoki maxsus boʻlishi mumkin.
Oʻrmondan umumiy foydalanish jismoniy shaxslar tomonidan bepul va oʻz ehtiyojlari uchun belgilangan hajmlarda, ushbu Qonun 36-moddasi birinchi qismining oltinchi va yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan foydalanish turlari boʻyicha amalga oshiriladi.
Oʻrmondan maxsus foydalanish uchun haq toʻlanadi. Toʻlovlar miqdori va ularni undirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oʻrmondan foydalanish doimiy va vaqtincha boʻlishi mumkin.
Oʻrmon fondi yerlari oʻzlariga doimiy foydalanishga berib qoʻyilgan oʻrmon xoʻjaligi tashkilotlari oʻrmondan doimiy foydalanuvchilardir.
Oʻrmondan qisqa muddatli yoki uzoq muddatli foydalanish huquqini beruvchi tegishli hujjatlar asosida davlat oʻrmon fondi uchastkalaridan foydalanishni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar oʻrmondan vaqtincha foydalanuvchilardir.
Oʻrmondan vaqtincha foydalanish qisqa muddatli — uch yilgacha va uzoq muddatli — oʻn yilgacha boʻlishi mumkin.
Davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari oʻrmon fondining foydalanilmayotgan yerlarini jismoniy va yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion orqali ijara huquqi asosida berishi mumkin. Oʻrmon fondining foydalanilmayotgan yerlari jismoniy va yuridik shaxslarga investitsiya shartnomasi yoki davlat-xususiy sheriklik asosida uch yildan kam boʻlmagan va qirq toʻqqiz yildan oshmaydigan muddatga ijaraga berilishi mumkin.
