18-modda. Oʻrmon tuzish
“Oʻrmon toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-475-son) · Sana: 16.04.2018 · Amalda
Oʻrmon tuzish oʻrmonlarni muhofaza qilishni, himoya qilishni, koʻpaytirishni, takroriy koʻpaytirishni, qayta tiklashni, ularning mahsuldorligini oshirishni va ulardan oqilona foydalanishni taʼminlashga qaratilgan tadbirlar tizimidan iborat boʻlib, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
davlat oʻrmon fondi uchastkalarining chegaralarini belgilash va davlat oʻrmon fondining oʻrmondan doimiy foydalanuvchilar foydalanishidagi hududining ichki xoʻjaligini tashkil etish;
topografiya-geodeziya ishlarini bajarish va oʻrmonlarni maxsus xaritaga kiritish hamda ularning elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirish;
davlat oʻrmon fondini inventarizatsiyadan oʻtkazish;
oʻrmonlarning yetilish yoshini belgilash, oʻrmon xoʻjaligini yuritish bilan bogʻliq holda oʻrmon daraxtlarining kesilishi hisob-kitobini, kesishlarning miqdorlarini hamda oʻrmondan foydalanishning boshqa turlari miqdorlarini aniqlash;
davlat oʻrmon fondi uchastkalarida pichan oʻrish va chorva mollarini oʻtlatish, yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarning dorivor hamda texnik xom ashyosini, oziq-ovqat maqsadlari uchun yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarni yigʻish va tayyorlash, daraxtlar hamda butalarni kesmagan holda oʻtin va shox-shabbalarni yigʻish hajmlarini aniqlash;
davlat oʻrmon fondi uchastkalarida asalari uyalari va qutilarini joylashtirish, oʻrmondan oʻrmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xoʻjaliklari ehtiyojlari uchun, ilmiy-tadqiqot, madaniy-maʼrifiy, tarbiyaviy, sogʻlomlashtirish, rekreatsiya hamda estetik maqsadlarda, shuningdek ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida foydalanish imkoniyatlarini belgilash;
oʻrmonlarni muhofaza qilish, himoya qilish, qayta tiklash va koʻpaytirish borasidagi ishlar hajmini, shuningdek boshqa oʻrmon xoʻjaligi ishlari hajmini aniqlash;
oʻrmon tuzish loyihalarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilish.
Oʻrmon tuzish loyihalari davlat ekspertizasidan oʻtkaziladi, davlat oʻrmon xoʻjaligi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻrmon tuzish loyihalari oʻrmon xoʻjaligini, oʻrmon-ovchilik, ovchilik va (yoki) baliqchilik xoʻjaliklarini yuritish, shuningdek muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirishga doir ishlarni tashkil etish hamda yuritish, oʻrmondan oqilona foydalanishni, joriy va istiqbolga moʻljallangan rejalashtirishni amalga oshirish uchun asosiy normativ-texnik hujjatdir.
