20-modda. Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlarini (premiyalarini), esdalik va koʻkrak nishonlarini, idoraviy mukofotlarni taʼsis etish
“Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-473-son) · Sana: 11.04.2018 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlari (premiyalari), davlat va jamiyat tarixidagi muhim sanalarga va voqealarga atalgan esdalik va koʻkrak nishonlari taʼsis etilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan idoraviy mukofotlar taʼsis etilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika boʻyicha komissiya bilan kelishilgan holda, oʻzlarining ichki hujjatlari bilan xodimlarni ragʻbatlantirishning har xil turlarini, shu jumladan unvonlarni, esdalik va koʻkrak nishonlarini, idoraviy mukofotlarni belgilashi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlari (premiyalari), esdalik va koʻkrak nishonlari, idoraviy mukofotlar ular toʻgʻrisidagi nizomlarga muvofiq davlat mukofotlaridan keyin taqiladi.
