Oʻzbekiston Respublikasi sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida (17-son)
10.01.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”, “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida” va “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq, shuningdek radioaktiv materiallarni qazib olish, yadroviy-xavfli obyektlardan foydalanishda ishlarni bexatar olib borish ustidan nazorat oʻrnatish va MAGATE bilan hamkorlik qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasining Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish fondini tashkil etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
“Sugʻurta toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq va ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish maqsadida “Sanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi organlari xodimlari respublika budjeti mablagʻlari hisobidan majburiy shaxsiy sugʻurta qilinadilar;
davlat sugʻurta organlari sugʻurta qilingan xizmat vazifalarini bajarish chogʻida halok boʻlgan (vafot etgan) taqdirda uning oila aʼzolari boʻlgan merosxoʻrlarga sugʻurta hodisasi sodir boʻlgan paytda Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 80 baravari miqdorida sugʻurta puli (toʻliq sugʻurta puli) toʻlaydilar;
sugʻurta qilinganga xizmat vazifalarini bajarish chogʻida olingan jarohat bilan bogʻliq nogironlikni belgilashda:
1-guruh nogironligi boʻlgan shaxsga — toʻliq sugʻurta pulining 75 foizi;
2-guruh nogironligi boʻlgan shaxsga — toʻliq sugʻurta pulining 50 foizi;
3-guruh nogironligi boʻlgan shaxsga — toʻliq sugʻurta pulining 30 foizi;
nogironlikka olib kelmagan ogʻir jarohat olinganda — toʻliq sugʻurta pulining 20 foizi, yengil jarohat olinganda — 10 foizi toʻlanadi.
5. “Sanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi xodimlariga xizmat vazifalarini bajarish uchun transportning barcha turlariga (xizmat safari guvohnomasi va shaxsiy guvohnomasi mavjud boʻlganda) birinchi navbatda yoʻl chiptasi sotib olish huquqi berilsin.
6. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Oʻzbekiston SSR Sanoatda ishlarning bexatar olib borilishini va kon ishlarini nazorat qilish va davlat komiteti toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 1982-yil 14-iyuldagi 494-son qarori (OʻzSSR QT, 1982-y., 7-son, 25-modda).
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1985-yil 14-iyundagi 308-son qarori (OʻzSSR QT, 1985-y., 6-son, 28-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston SSR Hukumatining qarorlariga kiritiladigan oʻzgartirishlarning 2-bandi.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari Q.J. Haqqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1996-yil 10-yanvar,
17-son
