4-modda. Avtomobil yoʻllarini farqlash
Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida (653-XII-son) · Sana: 03.07.1992 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining avtomobil yoʻllari mansubligiga qarab umumiy foydalanishdagi va korxonalarga qarashli yoʻllarga ajratiladi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari jumlasiga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati belgilangan tartibda tegishli roʻyxatlarga kiritib, indeksi va tartib raqami koʻrsatilgan avtomobil yoʻllari kiradi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari va ular tarkibidagi barcha inshootlar davlat mulki boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda foydalanishga berib qoʻyiladi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari xalq xoʻjaligi va maʼmuriy mohiyatiga koʻra xalqaro, davlat va mahalliy (viloyat) ahamiyatiga ega avtomobil yoʻllariga boʻlinadi.
Mustaqil davlatlarning poytaxtlarini birlashtirib turadigan, shuningdek davlatlar oʻrtasidagi bitimlarga muvofiq xalqaro avtomobil yoʻllari tarmogʻiga kiradigan avtomobil yoʻllari xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yoʻllari hisoblanadi.
Davlat ahamiyatiga molik yoʻllar jumlasiga respublikaning maʼmuriy, madaniyat va sanoat markazlari hamda viloyatlari oʻrtasidagi transport qatnovini taʼminlaydigan, mazkur markazlarni esa temir yoʻl stansiyalari, portlar, kema toʻxtash joylari, shuningdek qoʻshni davlatlar bilan bogʻlaydigan yoʻllar kiradi.
Mahalliy ahamiyatga molik yoʻllar jumlasiga respublika hamda viloyatlarning maʼmuriy markazlarini nohiyalarning maʼmuriy markazlari bilan, qishloq aholi punktlari bilan, shuningdek nohiya markazlarini respublika ahamiyatiga molik yoʻllar, temir yoʻl stansiyalari, portlar, kema toʻxtash joylari bilan birlashtiradigan yoʻllar kiradi.
Xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yoʻllarining roʻyxati davlatlar oʻrtasidagi bitimlar asosida tasdiqlanadi.
Davlat ahamiyatiga va mahalliy (viloyat) ahamiyatiga molik avtomobil yoʻllarining roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tasdiqlaydi.
Idoralarga qarashli avtomobil yoʻllari tegishli korxonalar, kolxozlar va xoʻjalik tashkilotlarining mulkidir.
Korxonalarga qarashli avtomobil yoʻllari oʻz ahamiyatiga koʻra shoxobcha yoʻllar, texnologiya, xoʻjalik ichidagi, xizmat, patrul yoʻllari va boshqa yoʻllarga boʻlinadi.
