53-modda. Tanlov hujjatlari
Davlat xaridlari toʻgʻrisida (O‘RQ-472-son) · Sana: 09.04.2018 · Amalda
Tanlov hujjatlari davlat buyurtmachisi tomonidan maxsus axborot portaliga tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon bilan bir vaqtda joylashtiriladi.
Tanlov hujjatlarida quyidagilar boʻlishi kerak:
tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatilgan axborot;
shartnoma bahosini va ijrochilar bilan hisob-kitoblarni shakllantirish uchun foydalaniladigan valyuta hamda toʻlov tartibi haqidagi axborot;
tanlovda ishtirok etish uchun taklif qaysi tilda tayyorlanishi kerakligi boʻyicha talab;
tanlov ishtirokchilariga tanlov hujjatlari qoidalariga doir tushuntirishlarni taqdim etish tartibi, taqdim etish muddati boshlanadigan va tugaydigan sana;
agar tovarning (ishning, xizmatning) muqobil variantlariga yoʻl qoʻyilsa, lotni almashtirish boʻyicha muqobil takliflarni baholash tartibining tavsifi;
texnik topshiriq;
ushbu Qonunga muvofiq ishtirokchilarning takliflarini baholash mezonlari va koʻrib chiqish tartibi.
Tanlov hujjatlarida davlat buyurtmachisi har bir tovar (ish, xizmat) xarid qilish tartib-taomilining alohida birligi sifatida koʻrib chiqilishini eʼlon qilishi mumkin. Bunday holda davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomilining turli obyektlari tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini) yetkazib berish uchun tanlovning bir nechta ishtirokchisi bilan shartnomalar tuzishi mumkin, bunda har bir obyekt uchun faqat bitta gʻolib aniqlanishi mumkin. Har bir tovar (ish, xizmat) uchun gʻolib xarid qilish tartib-taomili shartlariga koʻra alohida-alohida aniqlanadi.
Tanlov hujjatlariga ularning ajralmas qismi boʻlgan shartnoma loyihasi ilova qilinadi.
Davlat buyurtmachisi tanlov hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida tanlovda ishtirok etish uchun takliflar berish muddati tugaydigan sanadan kamida uch kun oldin qaror qabul qilishga haqli. Tovarni (ishni, xizmatni) oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunda ushbu tanlovda takliflar berish tugaydigan muddat tanlov hujjatlariga oʻzgartishlar kiritilgan sanadan eʼtiboran kamida oʻn kunga uzaytirilishi kerak. Shu bilan bir vaqtda, agar eʼlonda koʻrsatilgan axborot oʻzgartirilgan boʻlsa, tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonga oʻzgartishlar kiritiladi.
Tanlov ishtirokchisi tanlov hujjatlari qoidalarini tanlov oʻtkazish uchun eʼlonda belgilangan shaklda tushuntirish talabi bilan davlat buyurtmachisiga soʻrov yuborishga haqli. Soʻrov kelib tushgan sanadan eʼtiboran ikki ish kuni ichida davlat buyurtmachisi, agar mazkur soʻrov davlat buyurtmachisiga takliflar berish muddati tugaydigan sanadan kamida ikki kun oldin kelib tushgan boʻlsa, ushbu soʻrovga belgilangan shaklda javob yuborishi shart. Tanlov hujjatlarining qoidalariga doir tushuntirishlar ularning mazmun-mohiyatini oʻzgartirmasligi kerak.
