47-modda. Auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon
Davlat xaridlari toʻgʻrisida (O‘RQ-472-son) · Sana: 09.04.2018 · Amalda
Auksion faqat elektron shaklda oʻtkaziladi.
Auksionda ishtirok etish uchun davlat buyurtmachisi maxsus axborot portaliga eʼlon joylashtiradi.
Auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon auksion amalga oshirilishidan kamida oʻn kun avval joylashtirilishi kerak.
Auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
davlat buyurtmachisining nomi va manzili;
auksionning birinchi va oxirgi kuni (auksion oʻtkaziladigan davr);
auksion predmetining boshlangʻich narxi;
auksion predmetining xususiyatlari (auksion predmetining tasnifi);
auksion predmetini lotlar boʻyicha boʻlib chiqish va har bir lotning hajmi;
tovarlarni yetkazib berish muddatlari va shartlari;
tovarlar yetkazib beriladigan joy (manzil);
litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning mavjudligi haqida talab (zarur boʻlganda);
tovarning oʻziga xos xususiy parametrlarini ifodalovchi alohida shartlar.
Auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlonning va davlat buyurtmachisi buyurtmanomasining matniga auksion predmetiga taalluqli boʻlmagan va ishtirokchilar oʻrtasida raqobatni cheklaydigan talablarni kiritish taqiqlanadi.
Maxsus axborot portaliga joylashtirilgan auksion oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon avtomatik ravishda buyurtmachining buyurtmanomasi etib oʻzgartiriladi.
