42-modda. Insofsiz ijrochilarning yagona reyestri
Davlat xaridlari toʻgʻrisida (O‘RQ-472-son) · Sana: 09.04.2018 · Amalda
Insofsiz ijrochilarning yagona reyestri vakolatli organ tomonidan shakllantiriladigan roʻyxatdan iborat boʻlib, unga quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
xarid qilish tartib-taomillari yakunlari boʻyicha belgilangan shartlarda davlat buyurtmachisi bilan shartnoma tuzishni va davlat xaridlarini amalga oshirishni rad etgan yoki boshqacha usulda boʻyin tovlagan xarid qilish tartib-taomillari gʻoliblari toʻgʻrisidagi;
majburiyatlarni bajarmaganlikda yoxud tegishli tarzda bajarmaganlikda belgilangan tartibda aybdor deb topilgan ijrochilar haqidagi, bundan majburiyatlar bartaraf etib boʻlmaydigan kuchlar oqibatida bajarilmagan yoki tegishli tarzda bajarilmagan hollar mustasno;
sudning qaroriga koʻra firibgarlik, soxtalashtirish va korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan ijrochilar toʻgʻrisidagi.
Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritilgan ijrochi uch yil davomida davlat xaridlarida ishtirok eta olmaydi, bu muddat tamom boʻlgach ijrochi Insofsiz ijrochilarning yagona reyestridan chiqarib yuborilgan hisoblanadi.
Ijrochilar Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritish toʻgʻrisidagi qaror ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqli.
