34-modda. Ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish shartlari
Davlat xaridlari toʻgʻrisida (O‘RQ-472-son) · Sana: 09.04.2018 · Amalda
Davlat buyurtmachisi yoki maxsus axborot portali operatori quyidagi hollarda ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatadi, agar:
ishtirokchi davlat xaridlari jarayonida davlat buyurtmachisi tomonidan biror-bir xatti-harakatning bajarilishiga, qaror qabul qilinishiga yoki biror-bir xarid qilish tartib-taomilining qoʻllanilishiga taʼsir oʻtkazish maqsadida davlat buyurtmachisining yoki boshqa davlat organining istalgan hozirgi yoki sobiq mansabdor shaxsiga yoki xodimiga har qanday shakldagi haqni, ishga yollash toʻgʻrisidagi taklifni yoxud istalgan boshqa qimmatbaho ashyoni yoki xizmatni bevosita yoxud bilvosita taklif qilsa, bersa yoki berishga rozilik bildirsa;
ishtirokchi raqobatlashuvda adolatsiz ustunlikka ega boʻlsa yoki qonunchilikni buzgan holda manfaatlar toʻqnashuvini keltirib chiqarsa.
Davlat buyurtmachisining yoki maxsus axborot portali operatorining ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish toʻgʻrisidagi qarori va buning sabablari xarid qilish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi hisobotga kiritiladi hamda ular haqida tegishli ishtirokchiga darhol xabar beriladi.
