32-modda. Takliflarni taʼminlash
Davlat xaridlari toʻgʻrisida (O‘RQ-472-son) · Sana: 09.04.2018 · Amalda
Davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomiliga nisbatan ishtirokchilar tomonidan takliflarning garov, kafolat, zakalat tarzida yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa usulda taʼminlanishi zarurligi toʻgʻrisida talab belgilashga haqli.
Xarid qilish tartib-taomiliga nisbatan ishtirokchilar tomonidan takliflarning taʼminlanishi zarurligi tarzidagi talab barcha ishtirokchilarga taalluqli boʻladi va davlat xaridlarining shartlarida koʻrsatiladi.
Davlat buyurtmachisi xarid qilish tartib-taomiliga nisbatan ishtirokchilar tomonidan takliflarning taʼminlanishi zarurligi tarzida talab belgilagan taqdirda, takliflar yuborilguniga qadar ishtirokchi taʼminotning maqbulligini tasdiqlash toʻgʻrisida soʻrov yuborishga haqli. Davlat buyurtmachisi bunday soʻrovga darhol javob beradi.
Davlat buyurtmachisi taklifni taʼminlash summasi toʻlanishini talab qilmaydi va taʼminlash toʻgʻrisidagi hujjatni darhol qaytaradi yoki quyidagi voqealardan biri yuz berganidan keyin uning qaytarilishini taʼminlaydi:
taklifni taʼminlashning amal qilish muddati tugashi;
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi shartnomaning kuchga kirishi va ushbu shartnomaning bajarilishi taʼminlanishi, agar bunday taʼminlash davlat xaridi shartlarida talab etilsa;
davlat xaridlarining bekor qilinishi;
takliflarni yuborishning oxirgi muddati tugaguniga qadar taklifning chaqirib olinishi, agar davlat xaridi shartlarida bunday qaytarib olishga yoʻl qoʻyilmasligi aytib oʻtilmagan boʻlsa.
