3-modda. Asosiy tushunchalar
Davlat xaridlari toʻgʻrisida (O‘RQ-472-son) · Sana: 09.04.2018 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat buyurtmachisi — davlat xaridlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
davlat xaridi — tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) davlat buyurtmachilari tomonidan pulli asosda olish;
davlat xaridlarining subyektlari — davlat buyurtmachisi, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi, davlat xaridlarining ijrochisi, xarid komissiyasi, maxsus axborot portali operatori va ekspert;
davlat xaridlari toʻgʻrisidagi shartnoma — davlat xaridlari boʻyicha huquqlar va majburiyatlarni belgilash, oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida davlat buyurtmachisi va davlat xaridlarining ijrochisi oʻrtasida tuziladigan bitim;
maxsus axborot portali — operatorning davlat xaridlari oʻtkazilishini, davlat xaridlari toʻgʻrisidagi eʼlonlar, davlat xaridlari yakunlari, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarining takliflari haqidagi axborotning va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa axborotning elektron shaklda joylashtirilishini va koʻrilishini, shuningdek elektron davlat xaridlari oʻtkazilishini taʼminlovchi veb-sayti va maxsus elektron platformasi;
maxsus axborot portali operatori — davlat xaridlarining subyektlariga xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish, maxsus axborot portaliga eʼlonlarni, buyurtmanomalarni hamda davlat xaridlari va ularning yakunlari toʻgʻrisidagi boshqa axborotni joylashtirish bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatuvchi maxsus vakolatli yuridik shaxs;
xarid qilish tartib-taomili — davlat xaridi boʻyicha xatti-harakatlar majmui;
ekspert — xulosa berish uchun maxsus bilimlarga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
elektron davlat xaridlari — elektron doʻkon va boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion kabi maxsus axborot portalining dasturiy-texnik kompleksi orqali axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida davlat xaridlarini amalga oshirish usullari;
eʼlon — davlat xaridlarini amalga oshirish usuli, ushbu xaridlarning talablari va shartlari, takliflarni taqdim etish muddatlari hamda tartibi koʻrsatilgan, davlat buyurtmachisi tomonidan maxsus axborot portaliga joylashtiriladigan boʻlajak davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborot.
