27-modda. Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlari tavsifiga va shartnoma shartlariga taalluqli qoidalar
Davlat xaridlari toʻgʻrisida (O‘RQ-472-son) · Sana: 09.04.2018 · Amalda
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi tavsifi xolis, funksional va umumiy xususiyatga ega boʻladi. Tavsifda tovarlar (ishlar, xizmatlar) davlat xaridining tegishli texnik, sifat va ekspluatatsiya qilinish xususiyatlari koʻrsatiladi.
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlari tavsifi tasniflarni, rejalarni, chizmalarni, eskizlarni, talablarni hamda sinovlar va sinov usullari, qadoqlash, tamgʻalash haqidagi yoki muvofiqlik sertifikati, shuningdek shartli belgilar va atamalar toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga olishi mumkin.
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi tavsifiga aniq tovar belgisiga yoki nomiga, patentga, konstruksiyaga yoki modelga, u mansub boʻlgan muayyan manbaga yoki ishlab chiqaruvchiga doir talablar yoki havolalar kiritilmasligi kerak, bundan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi xususiyatlarini taʼriflashning boshqa yetarlicha aniq usuli mavjud boʻlmagan hollar mustasno va bunda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) boshqa bir ishlab chiqaruvchining ekvivalent tovarlari (ishlari, xizmatlari) bilan almashtirish imkoniyati toʻgʻrisidagi eslatma kiritilishi kerak.
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridi tavsifida quyidagilar boʻlishi kerak:
tovarlarning soni;
bajarilishi (koʻrsatilishi) kerak boʻlgan ishlar (xizmatlar);
tovarlar yetkazib berilishi lozim boʻlgan yoxud ishlar bajarilishi yoki xizmatlar koʻrsatilishi kerak boʻlgan joy;
tovarlarni yetkazib berish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar koʻrsatishning maqbul yoki talab etilgan muddatlari, agar ular mavjud boʻlsa.
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridiga doir hujjatlarda xarid qilinadigan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat buyurtmachisi tomonidan belgilangan talablarga muvofiqligini aniqlash imkonini beradigan koʻrsatkichlar boʻlishi kerak. Bunda shunday koʻrsatkichlarning eng koʻp va (yoki) eng kam qiymatlari, shuningdek oʻzgartirilishi mumkin boʻlmagan koʻrsatkichlarning qiymatlari koʻrsatiladi.
Zarur boʻlgan hollarda davlat buyurtmachisi tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) kafolat muddatiga va (yoki) ularning sifatiga beriladigan kafolat hajmiga, tovarga kafolat xizmati koʻrsatishga, tovardan foydalanish xarajatlariga, tovarni montaj qilish va sozlashning majburiyligiga, tovardan foydalanuvchi va unga xizmat koʻrsatuvchi shaxslarni oʻqitishga doir talablarni belgilaydi.
